
O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov JCh – 2026 dagi ishtirokidan so‘ng «Manchester Siti» safiga qaytib, yangi mavsum oldidan mashg‘ulotlarni boshladi. Klub e’lon qilgan videoda futbolchining jamoa bilan birga tayyorgarlik jarayonida qatnashayotgani ko‘rish mumkin.
Bu «Manchester Siti»ning yangi bosh murabbiy Enso Mareska boshchiligidagi dastlabki mashg‘uloti bo‘ldi. Italiyalik mutaxassis o‘tgan mavsum yakunida jamoani tark etgan Pep Gvardiolaning o‘rnini egalladi. Mareska klub bilan uch yillik shartnoma imzolagan.
«Manchester Siti» 2025/26-yilgi Angliya Premyer-ligasi mavsumini 78 ochko bilan ikkinchi o‘rinda yakunlagan. Jamoa chempionlikni qo‘lga kiritgan «Arsenal»dan yetti ochko ortda qolgan edi.
Husanov endilikda yangi murabbiy qo‘l ostida mavsumoldi tayyorgarligini davom ettiradi. Mashg‘ulotlar davomida Mareska futbolchilarning jismoniy holatini baholashi va 2026/27-yilgi mavsum uchun asosiy tarkibni shakllantirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Husanov JCh – 2026’ning eng tezkor futbolchilari qatoridan joy olgani haqida yozgan edi.