Samsung kompaniyasi yangi qurilmalarini taqdim etdi

23-iyul 2026 08:33 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samsung kompaniyasi yangi qurilmalarini taqdim etdi
Foto: Getty Images

Samsung kompaniyasi Londonda Galaxy Z turkumiga kiruvchi uchta yangi buklanadigan smartfonni taqdim etdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Janubiy Koreya kompaniyasi xotira chiplari narxining oshishi va Apple’ning buklanadigan qurilmalar bozoriga kirishi kutilayotgani fonida ayrim yangi modellar narxini avvalgi avlodga nisbatan $100 ga ko‘tardi.

Qanday qurilmalar taqdim etildi

Taqdimotda Galaxy Z Fold8, premium toifadagi Galaxy Z Fold8 Ultra va «chig‘anoq» shaklida buklanadigan Galaxy Z Flip8 namoyish etildi. Yangi qurilmalar Alphabet kompaniyasining Gemini sun’iy intellekt tizimi bilan integratsiya qilingan.

Foto: Getty Images

Video tomosha qilish, bir vaqtning o‘zida bir nechta ilovada ishlash va katta ekranga ehtiyoj sezadigan foydalanuvchilarga mo‘ljallangan Galaxy Z Fold8’ning narxi $1,9 ming etib belgilandi. Qurilma buklangan holatda pasportdek ixcham bo‘lishi, ochilganda esa keng ekranli planshetga yaqin imkoniyatlarni taqdim etishi aytilmoqda.

Galaxy Z Fold8 Ultra $2,1 mingdan sotuvga chiqariladi. Samsung‘ning eng qimmat buklanadigan smartfoni bo‘lgan ushbu modelning narxi oldingi avlodga nisbatan $100 ga oshgan. Galaxy Z Flip8’ning boshlang‘ich narxi esa $1,2 mingni tashkil etadi, bu ham avvalgi modeldan $100 qimmat.

Texnik imkoniyatlar

Foto: Getty Images

Galaxy Z Fold8 va Fold8 Ultra smartfonlari Qualcomm kompaniyasining eng yangi protsessori bilan jihozlangan. Galaxy Z Flip8 esa sotuv hududiga qarab Qualcomm chipi yoki Samsung tomonidan ishlab chiqilgan Exynos protsessori asosida ishlaydi.

Samsung yangi qurilmalarda sun’iy intellekt funksiyalariga alohida e’tibor qaratgan. Gemini integratsiyasi foydalanuvchilarga katta ekranda matn, tasvir va boshqa ma’lumotlar bilan ishlash, qidiruv natijalarini qayta ishlash hamda bir nechta ilova o‘rtasidagi vazifalarni bajarishda yordam berishi kerak.

Kompaniyaning yangi buklanadigan smartfonlari bozordagi raqobat kuchayib borayotgan bir paytda taqdim etildi. Tahlilchilar Apple 2026-yilda iPad mini o‘lchamiga yaqin ekranga ega ilk buklanadigan qurilmasini chiqarishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Apple ushbu reja va qurilmaning taqdimot muddatini hozircha rasman tasdiqlamagan.

Smartfon bozori qisqaradimi

Foto: Getty Images

IDC prognoziga ko‘ra, xotira chiplari tanqisligi va komponentlar narxining ko‘tarilishi sabab 2026-yilda jahon smartfon bozori 14 foizga qisqarishi mumkin. Bu kuzatuvlar tarixidagi eng katta pasayishlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Shunga qaramay, kompaniyaning global smartfon bozoridagi ulushi oshishi mumkin. Kompaniyaning buklanadigan qurilmalar yetkazib berish hajmi yil yakuniga qadar 20 foizga ko‘payishi prognoz qilinmoqda.

Ayrim tahlilchilar Samsung kompaniyasining mobil qurilmalar bo‘linmasi aprel–iyun oylarida o‘z tarixidagi ilk choraklik zararni qayd etishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bunga xotira chiplari narxining keskin oshishi natijasida foyda marjasining qisqarishi sabab bo‘lishi mumkin.

Omdia ma’lumotlariga ko‘ra, xotira va ma’lumot saqlash komponentlari budjet smartfonlari umumiy tannarxining 60 foizdan ortig‘ini tashkil etishi mumkin. Premium qurilmalarda esa ularning ulushi 30 foizdan yuqori.

Avvalroq «Kursiv» Samsung Galaxy S25 yangi imkoniyatga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.

Shuningdek