
General Motors tarkibiga kiruvchi kiruvchi SAIC-GM Xitoy bozorida yangi 2027 Buick Electra L7 BEV elektr sedanini rasman namoyish etdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Model Electra oilasiga qo‘shilib, avvalroq taqdim etilgan yurish zaxirasi uzaytirilgan EREV versiyasi bilan bir qatorda sotiladi.
Zaryadlash va imkoniyatlar
Yangi elektromobil 800 voltli yuqori kuchlanish arxitekturasi asosida yaratilgan. U 6C tezkor quvvatlash texnologiyasi va barcha komplektatsiyalarda CATL akkumulyatori bilan jihozlanadi. Ishlab chiqaruvchi aynan katta yurish zaxirasi modelning Xitoydagi asosiy raqobat ustunligiga aylanishini kutmoqda.

Buick Electra L7 BEV old o‘qqa o‘rnatilgan bitta elektr dvigatelga ega. Uning quvvati 282 kVt yoki 378 ot kuchini tashkil etadi. Dvigatel CATL kompaniyasining litiy-temir-fosfat akkumulyatoridan quvvat oladi. Avtomobil bir marta to‘liq quvvatlanganda 700 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishi mumkin.
Qo‘shimcha texnik qulayliklar
800 voltli arxitektura akkumulyatorni qisqa vaqt ichida quvvatlash imkonini beradi. Biroq kompaniya batareya sig‘imi, quvvatlashning aniq davomiyligi va avtomobilning tezlanish ko‘rsatkichlarini hozircha oshkor etmadi.

Tashqi ko‘rinishda elektr versiya Electra L7 EREV modelining uch hajmli liftbek sedan dizaynini saqlab qolgan. BEV varianti eksklyuziv g‘ildirak disklari, yangi kuzov ranglari va an’anaviy mexanik ochilish tizimiga ega qayta ishlangan eshik tutqichlari bilan ajralib turadi.
Salonning umumiy arxitekturasi ham EREV versiyasiga o‘xshash. Elektr model uchun yangi qoplama rangi hamda bronza tusidagi bezak elementlari tayyorlangan.
Yangi Buick Electra L7 BEV yaqin haftalarda Xitoyda sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Model aynan mahalliy bozor talablari uchun ishlab chiqilgan va faqat Xitoyda ishlab chiqariladi. Kompaniya uning narxi va to‘liq komplektatsiyalari haqida hozircha ma’lumot bermadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet yangi avtomobilini sotuvga chiqargani haqida yozgan edi.