O‘zbekistonda depozitlar hajmining keskin o‘sishi: sabablari va istiqbollari

Real foiz stavkalari hamon yuqori darajada qolmoqda
Fitch Ratings agentligining O‘zbekiston bank sektori bo‘yicha direktori
Foto: Depositphotos

Biz O‘zbekiston bank sektori holati hamda Fitch Ratings nuqtai nazaridan uning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan maqolalar turkumini davom ettiramiz. Avvalgi materiallarda O‘zbekiston banklari aktivlarining sifati, bank tizimidagi dollarlashuv darajasi hamda banklar faoliyat yuritayotgan muhitdagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib chiqqan edik.

Bu safar O‘zbekiston banklarining moliyalashtirish manbalari tarkibiga e’tibor qaratmoqchimiz. Chunki so‘nggi vaqtlarda ushbu yo‘nalishda e’tiborga molik o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Banklardagi mijozlar mablag‘lari tez ko‘paymoqda

So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklaridagi mijozlar mablag‘lari yuqori sur’atlarda o‘sdi. 2022–2025-yillarda ularning hajmi yiliga o‘rtacha 28 foizga oshgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi yarmida yillik o‘sish 27 foizni tashkil etdi. Natijada mijozlar depozitlarining O‘zbekiston bank sektori jami moliyalashtirish manbalari tarkibidagi ulushi oshdi. Biroq bu ko‘rsatkich hozircha 50 foizdan biroz yuqori darajada qolmoqda. Bir necha yil avval u qariyb 40 foizni tashkil etgan edi.

Bu mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi ko‘rsatkichlardan ancha past. Mazkur davlatlarda bank sektori majburiyatlarining asosiy qismi mijozlardan jalb qilingan mablag‘lar hisobiga shakllanadi.

Depozitlar oʻsishining mijozlar toifalari kesimidagi dinamikasi ham eʼtiborga molik. Maʼlumki, tarixan mijozlar mablagʻlarining asosiy qismini yuridik shaxslarning mablagʻlari, shu jumladan, hukumat va boshqa davlat tashkilotlaridan jalb qilingan salmoqli resurslar (ayniqsa, davlat banklarida) tashkil etib kelgan. Soʻnggi 4 yilda ushbu segmentda mijozlar mablagʻlarining oʻrtacha yillik oʻsishi 22 foizni tashkil qildi. Shu bilan birga, jismoniy shaxslarning depozitlari, jumladan, past baza effekti hisobiga, yuqoriroq surʼatlar bilan oʻsdi — ushbu davrda yillik koʻrsatkich oʻrtacha 42 foizga yetdi. Natijada jismoniy shaxslar depozitlarining mijozlarni moliyalashtirish umumiy tarkibidagi ulushi jadal ortib, soʻnggi yillarda 40 foizga yaqinlashdi.

Biroq o‘tgan yildan boshlab bu yo‘nalishdagi holat o‘zgardi. 2025-yilda ko‘p yillardan buyon ilk bor yuridik shaxslarning depozitlari jismoniy shaxslar depozitlariga qaraganda tezroq o‘sdi. O‘sish sur’atlari mos ravishda 39 va 30 foizni tashkil etdi. 2026-yilning birinchi yarmida ham ushbu tendensiya davom etdi. Yuridik shaxslarning depozitlari yillik hisobda 29 foizga, jismoniy shaxslarning depozitlari esa 24 foizga oshdi.

Hozircha ushbu o‘zgarish qanchalik barqaror ekanini aytishga erta. Qizig‘i, u muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha bozor foiz stavkalarining sezilarli pasayishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. 2026-yil aprelida mazkur stavka 19,9 foizni tashkil etdi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan qariyb 2 foiz bandga past.

Umuman olganda, depozitlarning tez ko‘payishi O‘zbekiston banklarining davlat va xorijiy moliyalashtirish manbalariga qaramligini kamaytirishga yordam berdi. Jami kreditlarning jami depozitlarga nisbati — xalqaro tahlilda loans/deposits deb ataladigan ko‘rsatkich — bizning reyting tahlilimizdagi asosiy mezonlardan biridir. U banklarning kreditlash faoliyatini qanday mablag‘lar hisobidan moliyalashtirayotganini ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda mazkur ko‘rsatkich sezilarli darajada pasaydi. O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga kreditlarning depozitlarga nisbati 136 foizni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2023-yil oxirida bu ko‘rsatkich 195 foizga teng edi.

Depozitlar ko‘payishiga nimalar yordam bermoqda

Bizning fikrimizcha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston banklari depozitlarining barqaror o‘sishini faqat bitta asosiy sabab bilan izohlash qiyin. Bu bir nechta omilning birgalikdagi ta’siri natijasidir. Ularning asosiylariga to‘xtalib o‘tamiz.

Birinchidan, real (inflyatsiya hisobga olingan) foiz stavkalari hamon yuqori darajada qolmoqda. Markaziy bankning asosiy stavkasi o‘tgan yilning mart oyidan buyon 14 foiz darajasida saqlanmoqda. Yillik inflyatsiya esa sezilarli sekinlashdi. 2026-yil iyunida inflyatsiya 6,4 foizni tashkil etdi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 2,3 foiz bandga past. Depozitlar bo‘yicha bozor foiz stavkalari oxirgi vaqtda pasayganiga qaramay, ularning o‘rtacha darajasi hanuz 20 foiz atrofida qolmoqda. Bu depozitlarning mablag‘ jamg‘arish vositasi sifatidagi jozibadorligini yuqori darajada saqlab turibdi.

Ikkinchidan, milliy valyuta kursining barqarorlashuvi muhim omil bo‘ldi. Ma’lumki, avvalgi yillarda so‘mning dollarga nisbatan kursi muntazam pasayib kelgan. Biroq bu pasayish yiliga 5–10 foiz atrofidagi nisbatan tor oraliqda bo‘lgan. 2025-yilda esa dollarning jahon bozorida zaiflashuvi va O‘zbekiston to‘lov balansi holatining yaxshilanishi fonida so‘m dollarga nisbatan 7 foizga mustahkamlandi. Joriy yilda milliy valyuta kursi barqarorligicha qolmoqda. Natijada foiz stavkalari xorijiy valyutadagi depozitlarga qaraganda ancha yuqori bo‘lgan so‘mdagi depozitlarning jozibadorligi yanada oshdi.

Bu holat banklardagi mijozlar mablag‘lari tarkibida xorijiy valyutaning ulushi tez kamayib borayotganini ham izohlaydi. 2026-yil 1-iyul holatiga xorijiy valyutadagi depozitlarning jami depozitlardagi ulushi atigi 19 foizni tashkil etdi. Bu 2021–2022-yillardagi darajaga nisbatan ikki baravardan ham ko‘proq pasayish demakdir. Hozirda O‘zbekistondagi depozitlar tarkibida xorijiy valyutaning ulushi Fitch Ratings banklarga reyting beradigan Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari orasidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Bundan tashqari, hukumat va Markaziy bank tomonidan iqtisodiy faoliyatning salmoqli qismini qonuniy maydonga olib chiqish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar ham mijozlar mablag‘larini banklarga jalb etishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday choralar davlat xizmatlarini raqamlashtirish, shubhali operatsiyalar ustidan nazoratni kuchaytirish, ayrim turdagi bitimlarda naqd pul orqali hisob-kitob qilishni taqiqlash hamda tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlari va rag‘batlarini taqdim etishni o‘z ichiga oladi.

Bank xizmatlarining raqamlashtirilishi mijozlar uchun qulaylikni oshirmoqda, omonat ochish va pul o‘tkazish tartiblarini soddalashtirmoqda hamda banklarga yanada moslashuvchan shartlarni taklif qilish imkonini bermoqda. Bularning barchasi fuqarolar va yuridik shaxslarning depozitlarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.

Depozitlarning ko‘payishiga yordam berayotgan yana bir omil — asosan Rossiyadan kelayotgan xalqaro pul o‘tkazmalarining katta hajmidir. Ushbu mablag‘larning sezilarli qismi bank tizimi orqali o‘tadi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi rekord darajadagi $18,9 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘p jihatdan rubl nominal kursining mustahkamlanishi bilan izohlanadi. Natijada pul o‘tkazmalarining dollar va so‘mda hisoblangan qiymati oshdi.

Davlat banklarida moliyalashtirish tarkibi boshqacha

Mijozlar mablag‘lari hajmining o‘sishi ham davlat, ham xususiy banklarda kuzatilmoqda. Biroq nodavlat, ya’ni xususiy va xorijiy banklar depozitlar bozorida hamon muhim o‘rin egallaydi. O‘zbekiston bank tizimidagi barcha depozitlarning qariyb yarmi ularning hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu banklarning aksariyati o‘z faoliyatini asosan mijozlardan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiradi. 2026-yil 1-iyul holatiga nodavlat banklarda kreditlarning depozitlarga nisbati (loans/deposits) 97 foizni tashkil etdi.

Davlat banklarida esa moliyalashtirish manbalari tarkibi sezilarli darajada farq qiladi. Ularda mijozlar mablag‘larining ulushi ancha past. Shu sababli kreditlarning depozitlarga nisbati (loans/deposits) qariyb ikki baravar yuqori bo‘lib, 171 foizni tashkil etadi.

Buning sababi shundaki, davlat banklari tarixan asosan ikki turdagi manba hisobidan moliyalashtirilgan. Birinchi manba — davlat mablag‘lari. Ular ko‘pincha davlat dasturlari doirasidagi imtiyozli kreditlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan. Ikkinchi manba esa xorijiy banklar va xalqaro taraqqiyot tashkilotlaridan jalb qilingan mablag‘lardir.

Davlat bilan yaqin aloqalar va davlat tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘mak berilishi tufayli davlat banklarining emitent defolti reytinglari, odatda, xususiy banklarnikiga qaraganda ancha yuqori bo‘ladi. Ularning reytinglari ko‘pincha O‘zbekistonning davlat reytingi bilan bir darajada yoki undan biroz past turadi. Bu esa davlat banklariga xalqaro moliya bozorlaridan mablag‘ jalb qilish uchun ancha keng imkoniyat yaratadi.

O‘z faoliyat yuritish usullarini yangilash doirasida davlat banklarining aksariyati mijozlar mablag‘larini jalb etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladi. Shunga qaramay, mijozlar depozitlari hozircha ushbu banklar uchun asosiy moliyalashtirish manbaiga aylangani yo‘q.

Keyingi yillarda vaziyat qanday o‘zgaradi

Biz O‘zbekiston banklarida depozitlar hajmining o‘sishi yaqin yillarda ham davom etishini kutmoqdamiz. Chunki aholi qo‘lida hamda yashirin iqtisodiyotda bank tizimiga jalb etilishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar hajmi hamon katta. Shu bilan birga, real foiz stavkalari pasaygani sari mijozlar mablag‘larining o‘sish sur’atlari ham sekinlashishi mumkin. Xorijiy valyutadagi depozitlar ulushining yanada qisqarishi ehtimoli mavjud. Biroq biz bu ko‘rsatkich 15 foizdan pastga tushadi, deb hisoblamaymiz.

Shuningdek, depozitlar xorijiy va davlat mablag‘larini to‘liq almashtirishini kutmayapmiz. Bizning fikrimizcha, o‘rta muddatli istiqbolda kreditlarning depozitlarga nisbati (loans/deposits) 120–130 foiz atrofida barqarorlashishi mumkin.

Hozir davlat va xususiy banklar xorijiy banklar hamda taraqqiyot tashkilotlaridan uzoq muddatli mablag‘larni faolroq jalb qilmoqda. Banklar, shuningdek, qarz qimmatli qog‘ozlari bozoriga ham chiqmoqda. O‘zbekistondan bo‘lgan qarz oluvchilar uchun xalqaro bozordagi hozirgi qulay sharoitni hisobga olib, ushbu tendensiya davom etishini kutmoqdamiz.

Biroq xorijiy moliyalashtirishning ko‘payishi o‘rta muddatli istiqbolda banklar uchun ayrim xatarlarni yuzaga keltiradi. Bu O‘zbekiston bank sektorining tarkibiy zaif jihatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ammo bu alohida maqola uchun mavzu.

Mavzu bo'yicha materiallar