Chevrolet Express 2027 qanday imkoniyatlar bilan chiqadi

10-avgust 2026 07:48 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Express 2027 qanday imkoniyatlar bilan chiqadi
Manba: Chevrolet

General Motors kompaniyasi Chevrolet Express 2027 modelini yangi multimedia tizimi bilan jihozlaydi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Yangilanish doirasida avtomobil yetti dyuymli rangli sensorli ekran va Bluetooth orqali ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu Express uchun 2019-yildan buyon zavoddan o‘rnatiladigan ilk sensorli ekran bo‘ladi.

Yetti dyuymli ekran o‘rnatiladi

2027-yilgi Chevrolet Express’ga IOR kodi ostidagi Chevrolet Infotainment System 3 multimedia tizimi o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Tizim yetti dyuymli HD rangli sensorli displey, telefonni Bluetooth orqali ulash hamda Bluetooth orqali audio uzatish imkoniyatlarini taqdim etadi.

Foto: Chevrolet

Yangilanish Express oilasining barcha asosiy versiyalarini, jumladan, Cargo, Passenger va Cutaway modifikatsiyalarini qamrab oladi.

Hozirgi Chevrolet Express modellari ancha sodda audio tizim bilan taklif etiladi. Unda AM/FM radio, MP3 formatini qo‘llab-quvvatlash, raqamli soat, tashqi audio qurilma uchun kirish porti va ikkita karnay mavjud. Sensorli ekran va Bluetooth orqali musiqa uzatish kabi imkoniyatlar esa hozirgi avtomobillarda mavjud emas.

2027-yilgi modelda USB port, SiriusXM, Apple CarPlay va Android Auto tizimlari bo‘lishi hozircha tasdiqlanmagan.

Ayrim versiyalar to‘rtta karnay oladi

Foto: Chevrolet

Chevrolet Express Passenger standart holatda to‘rtta karnayli audio tizim bilan jihozlanadi.

Beshta yo‘lovchiga mo‘ljallangan Express Crew Van Package to‘plamiga ega Cargo versiyasida ham to‘rtta karnay bo‘ladi. Oddiy Cargo hamda Cutaway modifikatsiyalarida esa ikki karnayli tizim saqlab qolinadi.

Sensorli ekran sakkiz yildan so‘ng qaytmoqda

Chevrolet Express’da sensorli multimedia ekrani oxirgi marta 2019-yilgi modelda taklif etilgan. O‘sha vaqtda xaridorlar 6,5 dyuymli sensorli ekran, navigatsiya, Bluetooth, USB port va CD pleerga ega Chevrolet Infotainment System tizimini tanlashi mumkin edi.

Foto: Chevrolet

2020-yildan boshlab bu opsiya olib tashlangan va Express Chevrolet qatoridagi eng sodda multimedia tizimiga ega modellardan biri bo‘lib qolgan.

2027-yildagi yangilanish esa modelning to‘liq yangi avlodga o‘tishini anglatmaydi. Chevrolet asosan uzoq yillardan beri ishlab chiqarilayotgan tijorat avtomobilining kundalik foydalanish qulayligini oshirishga e’tibor qaratmoqda.

Ishlab chiqarish Missurida davom etadi

2027-yilgi Chevrolet Express AQSHning Missuri shtatidagi General Motors’ning Wentzville Assembly zavodida ishlab chiqariladi.

Avval Cutaway versiyalarining bir qismi International bilan hamkorlik doirasida boshqa ishlab chiqarish maydonlarida ham yig‘ilgan. Biroq mazkur ishlab chiqarish kelishuvi yakunlangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Sergelida 110 mln so‘mdan boshlab qanday avtomobillarni sotib olish mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek