Jorjina Rodriges va Krishtianu Ronaldu qanday tanishgan

26-avgust 2026 09:18 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Jorjina Rodriges va Krishtianu Ronaldu qanday tanishgan
Foto: Instagram/ @georginagio

Bugungi kunda Jorjina Rodriges va Krishtianu Ronaldu dunyodagi eng mashhur juftliklardan biri. Kursiv Uzbekistan juftlikning tanishuvi va munosabatlarining qanday boshlanishi haqida so‘z yuritadi.

Ularning munosabatlari qizil gilam yoki hashamatli tadbirda emas, Madriddagi oddiy ish kunida boshlangan. Jorjina o‘sha paytda Gucci do‘konida sotuvchi-maslahatchi, Ronaldu esa «Real Madrid»ning asosiy yulduzlaridan biri edi. 2026-yilda juftlikning o‘zi Vogue nashriga bergan intervyusida ilk uchrashuv 2016-yil 11-avgustda bo‘lganini aniqlashtirdi. Oradan roppa-rosa o‘n yil o‘tib, ular aynan shu sanani nikoh kuni sifatida tanladi.

Uchrashuvga sabab bo‘lgan tasodif

2016-yilning avgustida Jorjina Rodriges 22 yoshda edi. U Angliyada enaga bo‘lib ishlaganidan so‘ng Ispaniyaga qaytib, Madridning Serrano ko‘chasidagi Gucci butikiga ishga kirgan. O‘sha vaqtda 31 yoshli Krishtianu Ronaldu «Real Madrid» safida o‘ynardi va allaqachon dunyoning eng taniqli futbolchilaridan biriga aylangan edi.

Eng qiziq jihati — Jorjina aslida o‘sha kuni ishlashi kerak bo‘lmagan. U hamkasbining o‘rnini bosish uchun do‘konga kelgan. Rodriges keyinchalik bu holatni «taqdir» deb atagan.

Netflix’ning I Am Georgina loyihasi haqidagi materialida voqea yanada batafsil bayon qilinadi. Jorjinaning hamkasbi undan muhim mijoz kelishi sababli do‘konda yana taxminan yarim soat qolib turishni so‘ragan. Bu mijoz Krishtianu Ronaldu bo‘lib chiqadi. Futbolchi butikga katta o‘g‘li Krishtianu Junior va bir necha tanishlari bilan kirgan.

Jorjina keyinchalik Ronaldu birinchi ko‘rishdayoq uning e’tiborini tortganini aytgan. U futbolchini juda kelishgan deb topgan va uning qarshisida qattiq hayajonlanganini eslagan. The National keltirgan Jorjinaning 2020-yildagi intervyusiga ko‘ra, Ronaldu unga shunchalik kuchli taassurot qoldirganki, u futbolchining qarshisida titraganini ham tan olgan.

Ikkinchi uchrashuvda munosabatlar boshlangan

Gucci butikidagi qisqa uchrashuvning o‘zi bilan voqea tugamagan. Bir necha kundan keyin Jorjina va Ronaldu boshqa bir brend tadbirida yana uchrashadi.

Bu safar Jorjina ish joyida emas edi va ular ancha erkin sharoitda gaplashish imkoniga ega bo‘lgan. Rodriges keyinchalik aynan shu ikkinchi uchrashuv ularning bir-birini yaxshiroq tanishi uchun imkon yaratganini aytgan.

Jorjinaning so‘zlariga ko‘ra, ularning ilk uchrashuvi Gucci’da bo‘lgan, bir necha kundan so‘ng esa boshqa brend tadbirida uchrashib, ish muhitidan tashqarida bemalol suhbatlashgan. U bu tuyg‘uni «bir qarashdagi muhabbat» sifatida ta’riflagan. Ronaldu ham keyinchalik munosabatlarning boshlanishini xuddi shunday eslagan.

Netflix loyihasida Ronaldu Jorjina dastlab unga «juda qiziqarli» va yoshiga nisbatan ancha yetuk qiz bo‘lib ko‘ringanini aytadi. Futbolchi avvaliga munosabatlari bunchalik jiddiylashib, Jorjinani sevib qolishini kutmaganini ham tan olgan.

Juftlik ilk bor qachon omma oldiga birga chiqqan

Ronaldu va Jorjina munosabatlari boshlanganidan bir necha oy o‘tib omma oldida birga ko‘rina boshladi. Ularning eng muhim dastlabki rasmiy chiqishlaridan biri 2017-yil 9-yanvar kuni Syurixda o‘tkazilgan The Best FIFA Football Awards marosimi bo‘ldi.

Ronaldu tadbirga Jorjina va o‘g‘li Krishtianu Junior bilan kelgan. 2017-yil may oyida esa Ronaldu Jorjina bilan tushgan suratini yurak emojisi bilan Instagram’ga joylashtirib, munosabatlarini ijtimoiy tarmoqda ham ochiq namoyish qildi.

O‘sha yilning 12-noyabrida ularning qizi Alana Martina dunyoga keldi. Keyinchalik juftlik yana farzand kutayotganini ma’lum qildi. 2022-yilda egizaklardan qiz — Bella Esmeralda tug‘ildi, ularning o‘g‘li esa tug‘ruq vaqtida vafot etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jorjina Rodriges to‘yida $70 mlnlik taqinchoqlar taqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek