
Mivi kompaniyasi One 5G smartfonini 24-sentabr kuni rasman taqdim etishini ma’lum qildi. Qurilma dizayni iPhone 16’ni eslatadi va Qualcomm Snapdragon oilasiga mansub 5G protsessor bilan jihozlanadi. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.
Kompaniya hozircha smartfonda aynan qaysi Snapdragon protsessori ishlatilishini ochiqlamadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurilmaga Snapdragon 4 Gen 2 o‘rnatilishi mumkin.
Mivi e’lon qilgan tasvirlarda One 5G yashil rangli korpusda ko‘rsatilgan.

Smartfon tekis orqa panel va yumaloqlangan burchaklarga ega. Asosiy kamera blokida vertikal joylashtirilgan ikkita yirik dumaloq modul bor. Ularning yonida cho‘zinchoq LED chaqnoq joylashgan. Manbaga ko‘ra, aynan shu kamera joylashuvi va umumiy dizayn iPhone 16’ni eslatadi.
Snapdragon 4 Gen 2 bo‘lishi mumkin
Geekbench ma’lumotlar bazasida Mivi MVNOE nomli smartfon ham paydo bo‘lgan.
Unda Snapdragon 4 Gen 2 protsessori, 6 GB operativ xotira va Android 16 operatsion tizimi qayd etilgan. Bazada 4 GB va 8 GB tezkor xotirali boshqa versiyalar ham uchragan.

Biroq Mivi bu qurilmalar aynan One 5G modeli ekanini hozircha rasman tasdiqlamagan.
Taqdimot 24-sentabrga belgilangan
Mivi One 5G’ning boshqa texnik xususiyatlari, xotira variantlari va narxi hozircha e’lon qilinmagan.
Kompaniya smartfonni 24-sentabr kuni to‘liq namoyish etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq buklanadigan iPhone narxi 2,1 ming dollardan boshlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.