Qayta qurilayotgan «Real», Alvarezsiz qolgan «Barsa». Yozgi transfer oynasi yakunlari

8-sentabr 2026 11:43 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: SI / Kursiv Uzbekistan

Yevropa futbolida navbatdagi qizg‘in yozgi transfer oynasi o‘z nihoyasiga yetdi. Yangi mavsum oldidan «Real Madrid» tarkibni jiddiy tarzda qayta qurishga kirishgan bo‘lsa, «Barselona» uzoq kutilgan Xulian Alvares transferini amalga oshira olmadi. Boshqa tomonda esa Angliya Premyer-ligasi pul sarflash bo‘yicha yana navbatdagi rekordni yangiladi. Kursiv Uzbekistan yozgi transfer bozorining eng asosiy voqealari va xaridlarini bir joyga jamlab, ushbu jarayonlar yuzasidan taniqli sport jurnalist va sharhlovchisi Orif Tolipov bilan suhbatlashdi.

Ushbu maqola orqali quyidagilar bilan tanishasiz:

O‘zbekistonlik futbolchilarning Yevropa klublaridagi yangi manzillari

Karimov
Foto: Instagram / fclugano_official

2026-yilgi yozgi transfer oynasi o‘zbekistonlik futbolchilar uchun ham ijobiy o‘zgarishlarga boy bo‘ldi. Jumladan, 19 yoshli iqtidorli himoyachimiz Behruz Karimov Shveysariya Superligasi vakili «Lugano» klubi safiga borib qo‘shildi. Bu uning faoliyatida Yevropa maydonlari sari tashlangan ulkan qadam hisoblanadi.

Foto: «Braga»

Shuningdek, iste’dodli yoshlarimiz Sadriddin Hasanov hamda Sayfiddin Sodiqovlar Portugaliya Primeyra-ligasida ishtirok etuvchi «Braga» jamoasi bilan shartnoma imzolab, o‘zlarining xorijdagi legionerlik faoliyatlarini boshlashdi.

Yozgi transfer oynasi raqamlarda

Angliya va Shotlandiya klublari uchun yozgi transfer oynasi 1-sentabr kuni yopildi. Bundesliga hamda Liga 1 jamoalari uchun esa bu jarayon 31-avgustdayoq yakuniga yetgan edi. Angliyada ushbu transfer oynasi navbatdagi rekord bilan yakunlandi. Premyer-liga klublari yangi futbolchilar xaridi uchun jami $4.4 mlrd sarfladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yozda o‘rnatilgan $4 mlrd lik rekordni ham ortda qoldirdi.

Yozgi transfer oynasida eng ko’p pul sarflagan ligalar

Chempionat (Liga) Sarflangan mablag’ (Yevroda)
1 Angliya Premyer-ligasi (Premier League) €4.12 milliard
2 Italiya A Seriyasi (Serie A) €1.16 milliard
3 Germaniya Bundesligasi (Bundesliga) €783.80 million
4 Ispaniya La Ligasi (LaLiga) €755.28 million
5 Fransiya 1-Ligasi (Ligue 1) €605.10 million

Diqqatga sazovor jihati shundaki, bu safar Angliyadan tashqaridagi chempionatlarda ham katta mablag‘lar aylandi. Italiya A Seriyasi kutilmaganda Yevropada transferlarga eng ko‘p pul sarflagan ikkinchi ligaga aylandi. Bu o‘z navbatida, italyan klublari uchun so‘nggi yillarda kuzatilgan eng faol transfer siyosati bo‘ldi.

Yozning eng qimmatbaho xaridi sifatida «Chelsi» yarim himoyachisi Enso Fernandesning $145 mln evaziga «Manchester Siti»ga o‘tishi qayd etildi. Mazkur summa Aleksandr Isakning 2025-yildagi Britaniya rekordini takrorladi. Quyida butun Yevropa bo‘ylab amalga oshirilgan eng qimmat 15 ta transfer ro‘yxati:

FutbolchiHozirgi jamoasiTransfer summasi (€)
1Enso Fernandes«Manchester Siti»≈146 mln
2Yan Diomande«Real Madrid»≈140 mln
3Morgan Rodjers«Chelsi»≈138 mln
4Elliot Anderson«Manchester Siti»≈135 mln
5Sandro Tonali«Tottenhem»≈115 mln
6Ayyub Buaddi«Manchester Siti»≈100 mln
7Mateus Fernandes«Tottenhem»≈98 mln
8Bruno Gimaraynsh«Arsenal»≈87 mln
9Savio«Tottenhem»≈87 mln
10Entoni Gordon«Barselona»≈80 mln
11Ilimon Ndiaye«Manchester Siti»≈75 mln
12Rodri«Barselona»≈70–75 mln
13Jan Pol van Xekke«Tottenhem»≈61 mln
14Maksens Lakrua«Chelsi»≈60 mln
15Marc Kukurelya«Real Madrid»≈60 mln

Top-klublarning asosiy transferlari

Quyida yozgi transfer oynasida eng faol bo‘lgan yettita top-klubning yirik xaridlari hamda sotuvlari haqida ma’lumot berilgan (barcha summalar taxminiy, bonuslar bilan birga ko‘rsatilgan).

«Manchester Siti»

Foto: Instagram / 433

«Siti» ushbu yozda to‘qqiz nafar yangi futbolchi uchun jami $526 mln sarfladi. Jamoaning eng yirik xaridi «Chelsi»dan $145 mln ga o‘tgan Enso Fernandes bo‘ldi. Shuningdek, Elliot Anderson «Nottingem Forest»dan $135 mln ga, Ilimon Ndiaye esa «Everton»dan $75 mln ga sotib olindi. Sotuvlar borasida esa klub $335 mln ishlab topdi. Rodri $70–75 mlnga «Barselona»ga, Savio va Marmush mos ravishta $87 va 60 mlnga «Tottenxem»ga, Tijjani Reynders esa noma’lum summa evaziga boshqa klubga o‘tdi.

«Chelsi»

«Chelsi» transfer mavsumini sof foyda bilan yakunladi — jamoa sotuvlardan taxminan $470 mln daromad qilib, xarajatlaridan $78 mln ko‘proq pul ishlab topdi. «Aston Villa»dan $135 mlnga xarid qilingan Morgan Rodjers klub uchun rekord transferga aylandi. Shuningdek, Maksens Lakrua «Kristal Pelas»dan $60 mlnga, Marko Palestra esa «Atalanta»dan $54 mlnga kelib qo‘shildi.

Jamoani tark etganlar orasida eng yirik bitim — Enso Fernandesning «Manchester Siti»ga $145 mlnga o‘tishi bo‘ldi. Bundan tashqari, Nikolas Jekson «Aston Villa»ga $75 mln ga, Mark Kukurelya esa «Real Madrid»ga $60 mln ga sotildi.

«Real Madrid»

Foto: Instagram / 433

Klub tarixidagi rekord summa evaziga Yan Diomande «RB Leypsig»dan $125–140 mlnga sotib olindi. Yana bir qimmatbaho xarid sifatida Mark Kukurelya «Chelsi»dan $60 mlnga olib kelindi. Ibrahima Konate va Bernardu Silva esa shartnomasi yakunlangani sababli erkin agent maqomida jamoaga qo‘shildi.

Sotuvlarga kelganda, Gonsalo Garsiya «Fulxem»ga $39 mlnga o‘tdi, Dani Karvaxal va David Alaba esa shartnomasi tugagach klubni tark etishdi. E’tiborli jihati shundaki, «Real Madrid» Rodri transferi bo‘yicha kurashda «Barselona»ga imkoniyatni boy berdi.

«Barselona»

Foto: Instagram / 433

Kataloniyaliklarning bu yilgi eng shov-shuvli xaridi — «Manchester Siti»dan $70–75 mln evaziga olib kelingan Rodri bo‘ldi. Shuningdek, Entoni Gordon «Nyukasl»dan $80 mlnga, Karim Adeyemi esa «Borussiya Dortmund»dan $29 mlnga sotib olindi.

Jamoani tark etganlar safiga $50 mlnga PSJga o‘tgan Ferran Torres va shartnomasi tugagani sababli bepul ketgan Robert Levandovskini kiritish mumkin. Rodrining amalda «Real Madrid»dan olib qo‘yilishi mavsumning eng katta voqealaridan biriga aylandi. 2026-yilgi Jahon chempioni va «Oltin to‘p» sohibi klub tanlovida «Qirollik klubi»ni emas, aynan «Barselona»ni afzal ko‘rdi.

«Nyukasl Yunayted»

O‘tgan yili Aleksandr Isakni «Liverpul»ga rekord summa evaziga sotgan «Nyukasl» bu safar ham uch nafar yulduzi bilan xayrlashdi: Entoni Gordon «Barselona»ga $80 mlnga, Sandro Tonali «Tottenxem»ga $108 mlnga, Bruno Gimaraysh esa «Arsenal»ga $87 mlnga sotib yuborildi.

Ularning o‘rnini to‘ldirish maqsadida rahbariyat Bazumana Tureni «Xoffenxaym»dan $48 mlnga, Niko Gonsalesni «Manchester Siti»dan $55 mlnga hamda Amar Dedichni «Benfika»dan $34 mlnga jamoaga qo‘shib oldi. Shu tariqa, atigi bir yil ichida klubning jami uch nafar yetakchisi jamoani tark etdi.

«Tottenxem»

Foto: Instagram / 433

Roberto De Zerbi boshqaruvidagi «Tottenxem» ushbu yozda xaridlar uchun qariyb $400 mln sarfladi. Bu ko‘rsatkich klub tarixidagi eng yirik ikkinchi yozgi xarajat sifatida tarixga kirdi. Klub rekordini yangilagan Sandro Tonali «Nyukasl»dan $108 mlnga, Mateus Fernandes «Vest Xem»dan $99 mlnga, Savio «Manchester Siti»dan $87 mlnga va Jan Pol van Xekke «Brayton»dan $61 mlnga sotib olindi. Jamoa himoyachisi Kristian Romero esa boshqa klubga sotildi.

«Arsenal»

Angliya chempioni sifatida mavsumni boshlagan «Arsenal» o‘zining asosiy maqsadi — Xulian Alvaresni o‘z safiga qo‘shib ola olmadi. Biroq jamoa Bruno Gimarayshni «Nyukasl»dan $87 mlnga va Ezri Konsani «Aston Villa»dan $60 mlnga xarid qilib, maydon markazi hamda himoyasini sezilarli darajada kuchaytirdi. Xristos Tzolis ham «Bryugge»dan jamoaga olib kelindi. Sotuvlar borasida esa Gabriel Jezus «Barselona»ga $12 mlnga, Gabriel Martinelli esa «Al-Xilol» klubga o‘tdi.

Italiya A Seriyasining uyg‘onishi

Tolipovning ta’kidlashicha, transfer bozorida Italiya futbolining nisbatan faollashuvi A Seriya klublaridagi konservatizmning sekin-asta yakunlanayotgani bilan bog‘liq. Uning aytishicha, azaldan, Italiya chempionati eng kuchli bo‘lgan davrlarda barcha yulduzlar u yerda o‘ynardi va italiyalik futbolchilar ham o‘z vatanida qolishni afzal ko‘rardi. Keyinchalik bu jozibadorlik yo‘qolgach, Italiyaga kuchli legionerlar kelmay qo‘ygani, mahalliy futbolchilar esa xorijga chiqishga shoshilmaganini qayd etdi.

«Endilikda bu holat o‘zgarib bormoqda — Italiya klublari ham raqobatbardosh bo‘lish uchun yirik xaridlar qilish kerakligini tushunib yetdi. Fikrimcha, bu shunchaki bir mavsumlik holat emas, balki kelajakda yanada o‘sib boradigan tendensiyadir», — deb ta’kidladi sharhlovchi.

«Manchester Siti»: Rodrining o‘rnini kim to‘ldiradi

Pep Gvardioladan so‘ng «Manchester Siti» boshqaruviga kelgan Enso Mareska yozgi transfer oynasida jamoaning markaziy yarim himoyasini deyarli to‘liq yangiladi. Rodri, Bernardu Silva kabi tajribali futbolchilar jamoani tark etgach, ularning o‘rniga Enso Fernandes va Elliot Anderson kabi ulkan mablag‘lik xaridlar amalga oshirildi. Tabiiyki, haqli savol tug‘iladi: bunday katta pulga olingan futbolchilar maydonda Rodrining o‘rnini bosa oladimi?

Sharhlovchining aytishicha, yangi uchlikning birato‘la eski uchlik — Gvardiola davridagi yulduzlar o‘rnini to‘ldirishi imkonsiz. Ammo vaqt o‘tishi bilan, ehtimol, bir nechta futbolchi almashinuvi orqali bu pozitsiya baribir barqarorlashishi kerakligini, chunki «Siti» kabi jamoalarda markazning o‘rni o‘ta muhim ekanligini ta’kidladi.

«Shunchaki bu mavsumning o‘zidayoq Rodrini to‘liq almashtira oladigan futbolchini qidirish noto‘g‘ri — bunday o‘yinchini topishning imkoni yo‘q. Uning vazifalari endi bo‘lib olinadi: bir qismini Anderson, bir qismini Enso, yana qandaydir qismini esa Ayub Buaddi o‘z zimmasiga olishi mumkin. Yaqin kelajakda bu pozitsiya sekin-asta o‘z yechimini topadi», — deya fikr bildirdi Orif Tolipov.

Xulian Alvares sagasi

Yoz davomida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri Xulian Alvaresning «Barselona»ga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlar bo‘ldi. Biroq, «Atletiko» rahbariyati argentinalik hujumchini sotishni istamadi va yakunda transfer amalga oshmadi.

Orif Tolipov bu holat barcha tomon yutqazadigan ssenariyda yakunlanganini, bundan na «Atletiko», na «Barselona», na futbolchining o‘zi yutganini ta’kidladi.

Foto: Instagram / juliaanalvarez

«O‘ylashimcha, qishki transfer oynasida yoki uzog‘i bilan kelasi yozda bu masala yana kun tartibiga chiqadi va transfer oxir-oqibat amalga oshadi. Chunki «Barselona» hali ham uning o‘rniga munosib nomzod topgani yo‘q. Gabriel Jezusning xaridi — bu juda qisqa muddatli va vaqtinchalik yechim, xolos», — dedi mutaxassis.

«Chelsi» Ensosiz qoldi: markazida muammo bormi

Transfer oynasining so‘nggi kunida «Chelsi» Enso Fernandesni «Manchester Siti»ga sotdi. Biroq, uning o‘rniga olib kelinishi mo‘ljallangan «Monako» futbolchisi Lamin Kamara bilan muzokaralar so‘nggi daqiqalarda barbod bo‘ldi. Natijada bosh murabbiy Xabi Alonso yangi mavsumni markaziy yarim himoyada hech qanday tayinli kuchaytirishlarsiz boshlashga majbur bo‘lmoqda.

Foto: Getty Images / Marc Atkins

Sharhlovchi vaqtning tig‘izligi tufayli transferga ulgurmay qolish jiddiy muammo ekanligini, bunga asosan Enso bo‘yicha kelishuvning cho‘zilib ketgani sabab bo‘lganini qayd etdi. Shunga qaramasdan, u Xabi Alonsoni taktik o‘zgarishlarni juda yaxshi amalga oshira oladigan mutaxassis deb bilishini hamda bitta pozitsiyadagi yo‘qotish butun jamoa o‘yiniga o‘ta jiddiy zarar yetkazishiga ishonmasligini aytdi.

«Barcha futbolchilar murabbiyni katta avtoritet sifatida qabul qilishadi. Masalan, kerak bo‘lsa Gusto ham bu pozitsiyada o‘zini yaxshi ko‘rsata oldi. Moyses Kaysedo jarohatdan forig‘ bo‘lib, o‘zining barqaror o‘yiniga qaytguniga qadar, bu bo‘shliq Gusto yoki Ris Jeyms kabi futbolchilar yordamida to‘ldirib turiladi. Menimcha, Alonso bu vaziyatdan chiqish yo‘lini topa oladi va bu unchalik fojiali holat emas», — deya qo‘shimcha qildi jurnalist.

Yozning boshqa muhim voqealari

Klublarning moliyaviy imkoniyatlaridan tashqari, sof jamoa shakllantirish nuqtai nazaridan qaysi jamoa eng aqlli siyosat yuritdi, degan savolga sharhlovchi quyidagicha javob berdi.

«Qaysidir klubning transfer bozorida qanchalik muvaffaqiyatli ishtirok etganini, tabiiyki, mavsum davomidagi natijalar ko‘rsatadi. Lekin hozirgi vaziyatda vizual baho beradigan bo‘lsak, Angliya klublari orasida «Chelsi» juda yaxshi ishladi. Morgan Rojers xaridi ilk o‘yinlardayoq o‘zini oqlamoqda va jamoaga tez kirishib ketdi. Shuningdek, «Siti» ham yaxshi transferlarni amalga oshirdi. «Arsenal»ni alohida ta’kidlamaslikning iloji yo‘q — ular o‘zi shundoq ham eng mukammal jamoa edi, kerakli chiziqlarni kuchaytirib, ortiqcha futbolchilarni sotish orqali yaxshigina mablag‘ ishlab olishdi».

«Nyukasl»: Inqiroz emas, balki yangi model

Bir yil ichida Aleksandr Isak, Entoni Gordon, Sandro Tonali va Bruno Gimaraysh kabi yetakchilaridan ayrilgan «Nyukasl» uchun bu holat inqiroz belgisimi yoki ongli ravishda tanlangan strategiya?

Orif Tolipov buni «Nyukasl»ning o‘zi tanlagan strategik yo‘nalish deb hisoblashini, yozgi yirik sotuvlardan so‘ng, aniqki, jamoa nafaqat bu mavsumda, balki yaqin yillar ichida ham Angliya chempionligi uchun kurasha olmasligini ta’kidladi.

«Endilikda rahbariyat klubni Yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashadigan va grand jamoalarga iqtidorlarni yetishtirib beradigan «donor» loyiha sifatida ko‘rmoqda. Bu xuddi oldingi «Vest Xem» yoki so‘nggi yillardagi «Brayton» modeliga o‘xshaydi, faqat moliyaviy imkoniyatlari ancha barqarorroq va kuchliroq darajada. Aks holda, butun boshli asosiy tarkibni murabbiyi bilan qo‘shib o‘zgartirib yuborishni boshqacha izohlab bo‘lmaydi», — dedi Orif Tolipov.

«Tottenxem»: $400 mln lik tavakkal

Roberto De Zerbi boshqaruvidagi «Tottenxem» Chempionshipga tushib ketishdan arang qutulib qolgan omadsiz mavsumdan so‘ng, jamoani kuchaytirish uchun qariyb $400 mln sarfladi. Bu qanchalik o‘zini oqlovchi tavakkal degan savolga quyidagicha javob berdi.

Foto: football london

Sharhlovchi jamoa murabbiyi kim bo‘lishidan qat’i nazar, qatorasiga ikki mavsum kuchli oltilik maqomiga ega klub uchun o‘ta yomon ko‘rsatkich qayd etilgach, baribir «Tottenxem» tarkibida keskin o‘zgarishlar qilinishi shart ekanligini aytdi. Bu jarayonda asosiy rolni faqatgina murabbiy o‘ynamaganini, garchi futbolchilarni De Zerbi tanlayotgan bo‘lsa-da, boshqa mutaxassis kelganda ham baribir shunday yirik xaridlar amalga oshirilishini ta’kidladi.

«To‘g‘ri, De Zerbining o‘zi mavsumni juda yomon boshladi, lekin jamoa baribir o‘tgan yilgidan ko‘ra mazmunliroq o‘yin ko‘rsatadi deb ishonaman. Faqat ulardan hoziroq mo‘jiza kutish kerak emas — klub aynan shu mavsum davomida o‘ziga kelib olishi talab etiladi. Xaridlar sifati juda yaxshi, shunchaki turli o‘yin falsafasiga ega jamoalardan yig‘ilgan yigitlarga De Zerbining uslubiga moslashish uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi», — deya o‘z fikrini yakunladi mutaxassis.

Shuningdek