
Caviar kompaniyasi iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max uchun Contrast nomli yangi kolleksiyani taqdim etdi. Maxsus versiyalar narxi taxminan $5,3 mingdan boshlanadi.
Dizaynda kontrast ranglar qo‘llanilgan
Contrast kolleksiyasi color blocking tamoyiliga asoslangan. Ya’ni bir korpusda turli ranglar va materiallar bir-biriga qarama-qarshi tarzda uyg‘unlashtirilgan.
Caviar yangi iPhone’larning asosiy ranglarini saqlab qolgan, biroq ularni titan, karbon va oltindan tayyorlangan dekorativ elementlar bilan boyitgan.
Oltin va titanli bir nechta versiya bor
Black Moon versiyasida qora korpus kumushrang titan elementi bilan uyg‘unlashtirilgan.
Sky Blue modelida quyuq zarb qilingan karbon qo‘llanilgan. Gold Wine versiyasida esa vino rangidagi korpus oltin dekor bilan bezatilgan.
Oltin detallar uchun 999 probali oltindan ikki qatlamli qoplama ishlatiladi. Titanium Grey qora titan elementiga ega, Dark Red versiyasida esa vino rangidagi tolalar aks etgan zarb qilingan karbon qo‘llangan.
Har bir versiyadan atigi 50 dona chiqariladi
Contrast kolleksiyasi Apple’ning 50 yilligi va Caviar kompaniyasining 15 yilligiga bag‘ishlangan Caviar Apple 50 yubiley seriyasiga kiritilgan.
Kompaniya iPhone’ning an’anaviy bir xil rangdagi dizaynidan farqli ravishda turli material, rang va fakturalarni bir korpusda uyg‘unlashtirgan.
Har bir Contrast versiyasi atigi 50 nusxada ishlab chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iPhone 18 uchun oldindan buyurtmalarda firibgarliklar boshlangani haqida yozgan edi.