Mercedes-AMG ilk elektr yo‘ltanlamasini 17-oktabrda namoyish etadi

17-sentabr 2026 08:27 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Mercedes-AMG ilk elektr yo‘ltanlamasini 17-oktabrda namoyish etadi
Foto: Mercedes-AMG

Mercedes-AMG o‘z tarixidagi ilk to‘liq elektr SUV modelini 17-oktabr kuni namoyish etadi. Bu haqda The Super car blog nashri xabar bermoqda.

Yangi model Mercedes-AMG tomonidan 2024-yilda ilk bor e’lon qilingan edi. U maxsus AMG.EA elektr platformasida yaratilgan ikkinchi avtomobil bo‘ladi.

Shuningdek, bu AMG muhandislari tomonidan boshidan oxirigacha mustaqil ishlab chiqilgan ilk SUV hisoblanadi. Ya’ni uning platformasi Mercedes-Benz’ning mavjud modellaridan moslashtirilmagan.

Quvvati 1 153 ot kuchigacha yetishi mumkin

Foto: Mercedes-AMG

Mercedes-AMG hozircha avtomobilning texnik xususiyatlarini rasman oshkor qilmagan. Biroq yangi SUV to‘rt eshikli AMG GT bilan bir xil elektr kuch qurilmasidan foydalanishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, avtomobilning maksimal quvvati 1 153 ot kuchigacha, aylantiruvchi momenti esa qariyb 2 000 Nm’ga yetishi mumkin.

Avvalgi tizerlarga ko‘ra, yangi model dizaynida AMG GT 4-Door Coupe bilan o‘xshashliklar bo‘ladi. Avtomobil yirik g‘ildirak arkalari, relyefli kapot, vertikal elementlarga ega old panjara hamda orqa qismida uch nurli yulduz shaklidagi yoritish elementlari bilan jihozlanishi kutilmoqda.

Mercedes-AMG’ning yangi elektr yo‘ltanlamasi ilk xaridorlarga 2027-yil boshida yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq «Kursiv» Arcfox Alpha T7 avtomobili bir soatda 30 ming buyurtma olgani haqida yozgan edi.

Shuningdek