«Nasaf» OFK Chempionlar ligasi-2 ni durang bilan boshladi

17-sentabr 2026 08:55 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
«Nasaf» OFK Chempionlar ligasi-2 ni durang bilan boshladi
Foto: «Nasaf»

Qarshining «Nasaf» klubi OFK Chempionlar ligasi-2 guruh bosqichining ilk turida Bahraynning «Al-Xaldiya» jamoasi bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi.

Uchrashuv boshidan mezbonlar faolroq harakat qildi va «Nasaf» darvozasi tomon bir necha xavfli hujumlar uyushtirdi. Biroq qarshiliklar himoyasi hamda darvozabon Abduvohid Ne’matov raqib zarbalarini qaytara oldi.

14-daqiqada Drozdek pastdan zarba berdi, to‘p rikoshetdan keyin Ne’matovning qo‘liga kelib tushdi. Oradan ko‘p o‘tmay Valid Sabbar darvozabonni ustidan oshirib zarba berishga urindi, biroq uning zarbasi kuchsiz chiqdi.

«Nasaf» ham o‘z imkoniyatlariga ega bo‘ldi

Qarshi klubi birinchi bo‘limda uzoq masofadan xavf tug‘dirishga harakat qildi. Oybek Rustamovning zarbasini «Al-Xaldiya» darvozaboni qaytardi.

Shuningdek, Akrom Komilov o‘tkir burchakdan kuchli zarba berdi, ammo to‘p darvozadan chetga chiqib ketdi. Tanaffus arafasida Bobur Abduholiqov bosh bilan aniq zarba yo‘lladi, biroq bu urinishda zarba kuchi yetishmadi.

Sharof Muhitdinov esa jarima zarbasidan unumli foydalana olmadi.

Ne’matov darvozani daxlsiz saqladi

Ikkinchi bo‘limda ham «Al-Xaldiya» bosimni oshirishga urindi. 52-daqiqada Ne’matov yana bir xavfli zarbani qaytardi.

Keyinroq Umar Eshmurodov raqib darvozasi tomon kuchli zarba berdi, ammo to‘p nishonga bormadi.

Mezbonlar safida Bumessus taxminan bir soatlik o‘yindan keyin ikki marta gol urishga yaqin keldi. Avvaliga u bosh bilan, keyin esa yana bir bor darvoza tomon zarba berdi, biroq hisob o‘zgarmadi.

Uchrashuv oxirida «Nasaf» hujumda faollashdi. Yusuf Otubanjo jarima maydonidan zarba yo‘lladi, ammo himoyachilar uning urinishini to‘sib qoldi.

Avvalroq «Kursiv» «Neftchi» Chempionlar ligasidagi g‘alabasi ortidan qancha pul ishlab olgani haqida yozgan edi.

Shuningdek