Avtomobildan raketaga: General Motors Patriot raketalari uchun detallar yetkazib bera boshladi

18-sentabr 2026 08:32 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Avtomobildan raketaga: General Motors Patriot raketalari uchun detallar yetkazib bera boshladi
Foto: depositphotos

AQShning General Motors (GM) avtomobil kompaniyasi Patriot havo mudofaa tizimining PAC-3 MSE tutib qoluvchi raketalari uchun korpus qismlarini yetkazib bera boshladi. Bu haqda Lockheed Martin kompaniyasi ma’lum qildi.

Dastlabki partiya GM tomonidan avgust oyida topshirilgan. Buyurtma hajmi va hamkorlikning keyingi bosqichlari bo‘yicha tafsilotlar ochiqlanmagan.

Pentagon ishlab chiqarishni keskin oshirmoqchi

Pentagon Lockheed Martin’dan Patriot raketalari ishlab chiqarishni keskin ko‘paytirishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, qurol-yarog‘ ishlab chiqarish zanjiriga avtomobil kompaniyalari va ularning yetkazib beruvchilari ham jalb qilinmoqda.

Bunga Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi mojarolar fonida tutib qoluvchi raketalar zaxirasining kamaygani sabab bo‘lgan.

The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, yanvar oyida Pentagon Lockheed Martin oldiga Patriot raketalari ishlab chiqarishni uch baravardan ko‘proq oshirish vazifasini qo‘ygan. Rejaga ko‘ra, 2030-yil oxiriga kelib yiliga 2 mingdan ortiq raketa ishlab chiqarilishi kerak.

Bu esa hozirgi ta’minot zanjiri va ishlab chiqarish quvvatlariga qo‘shimcha bosim bermoqda.

GM detallarning yetkazib berish muddatini qisqartirdi

Lockheed Martin ma’lumotiga ko‘ra, odatda bir necha oy davomida tayyorlanadigan ayrim komponentlarni General Motors atigi uch hafta ichida yetkazib bergan.

Patriot’ning eng zamonaviy modifikatsiyalaridan biri bo‘lgan PAC-3 MSE raketasining bir donasi $4 mln.dan qimmatroq turadi. Ayrim muhim qismlar esa qo‘lda tayyorlanadi va faqat bitta yetkazib beruvchi tomonidan ishlab chiqariladi. Masalan, raketaning boshqaruv va nishonni aniqlash tizimining ayrim qismlarini Boeing yetkazib beradi.

Buyurtma berilgandan keyin raketani mijozga yetkazib berish jarayoni taxminan ikki yilgacha cho‘zilishi mumkin.

GM mudofaa biznesini kengaytirmoqda

General Motors so‘nggi paytlarda mudofaa yo‘nalishidagi faoliyatini ham kengaytirmoqda.

Kompaniya rahbari Meri Barra yozda investorlar bilan uchrashuvda GM 2026-yilda mudofaa shartnomalaridan qariyb $700 mln daromad olishni kutayotganini bildirgan. Kompaniya ushbu segmentda ikki xonali rentabellikka erishishni ham maqsad qilgan.

Avtomobil ishlab chiqaruvchilari global yengil avtomobillar bozoridagi murakkab vaziyat fonida yangi daromad manbalarini izlamoqda.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Blazer uchun chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek