
UzAuto Motors zavodidan olib chiqilayotgan Chevrolet Cobalt avtomobillarida yangi dizayndagi yengil qotishmali disklar yana kuzatilmoqda. Bu haqda Autostrada nashri yozdi.
Bunday disklar yangi Cobalt avtomobillarida ilk bor 2026-yil aprel oyida ko‘ringan edi. Oradan besh oy o‘tganiga qaramay, yangi dizayndagi g‘ildiraklarga ega avtomobillar hozircha rasmiy dilerlar narxnomasida paydo bo‘lmagan. UzAuto Motors ham ushbu yangilanish haqida rasman ma’lumot bermagan.
Yangi disklar avval Braziliyadagi Cobalt’da ishlatilgan
General Motors katalogiga ko‘ra, yangi g‘ildirak «N13» dizaynidagi alyuminiy disk bo‘lib, uning og‘irligi qariyb 10 kg ni tashkil etadi.
Xuddi shunday disklar General Motors tomonidan 2016 – 2019-yillarda Braziliya bozori uchun ishlab chiqarilgan restayling Chevrolet Cobalt avtomobillarida qo‘llangan.
Hozir O‘zbekistonda Cobalt ikki komplektatsiyada taklif etilmoqda. Style MCM versiyasi 156,1 mln so‘m bo‘lib, avvalgi dizayndagi R15 yengil qotishmali disklar bilan jihozlangan. Midnight MCM narxi esa 165,2 mln so‘mni tashkil qiladi va unda qora rangdagi R15 disklar qo‘llanadi. Yangi dizayndagi disklar bilan jihozlangan versiya amaldagi narxnomada yo‘q.

Avtomobillar qayerga yetkazilayotgani noma’lum
Manbada qayd etilishicha, yangi disklar o‘rnatilgan Cobalt avtomobillari qaysi bozorga yuborilayotgani hozircha noma’lum.
Variantlardan biri – eksport. Manbaga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Cobalt avtomobillarining qariyb yarmi ichki bozorda sotilgan, qolgan qismi esa Qozog‘istonga eksport qilingan yoki omborlarda qolgan bo‘lishi mumkin.
Yana bir ehtimol sifatida zavod avval eski dizayndagi disklar zaxirasini ishlatib tugatayotgani ko‘rsatilgan. Biroq bu UzAuto Motors tomonidan tasdiqlangan ma’lumot emas.
Bu Cobalt restaylingiga tayyorgarlik bo‘lishi mumkinmi
Chevrolet Cobalt’ni yangilash rejasi avval ham tilga olingan. UzAuto Motors IPO prospektida yangilangan sedan ishlab chiqarishni 2024-yilda boshlash rejalashtirilgani ko‘rsatilgan, biroq model o‘sha paytda seriyali ishlab chiqarishga chiqarilmagan.
Braziliyada o‘tkazilgan restayling vaqtida Cobalt yangi faralar, bamperlar, kapot, orqa chiroqlar va bagaj qopqog‘iga ega bo‘lgan. Bunday kuzov elementlarini ishlab chiqarish uchun yangi shtamplar talab etiladi, bu esa avtomobilni yangilashdagi nisbatan qimmat jarayonlardan biri hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Cobalt’ni tyuning qilish qancha turishi haqida yozgan edi.