
«O‘zavtosanoat» AJ Chevrolet Onix va Tracker avtomobillarida havo filtrini o‘z vaqtida almashtirish muhimligini tushuntirdi. Kompaniya e’lon qilgan videoda qayd etilishicha, ushbu modellarda havo filtrini har 15 ming kilometrda almashtirish tavsiya etiladi.
Agar avtomobil chang ko‘p bo‘lgan yoki tuproq yo‘llarda muntazam ishlatilsa, filtr holatini tez-tez tekshirish kerak. Onix va Tracker texnik xizmat reglamentiga ko‘ra, bunday sharoitda havo filtrini har 7,5 ming kilometrda yoki olti oyda bir marta ko‘zdan kechirish, zarurat bo‘lsa almashtirish lozim.
Iflos filtr dvigatelga havo kirishini kamaytiradi
Dvigatel ishlashi uchun unga doimiy ravishda havo kerak. Biroq tashqi muhitdan havo bilan birga chang, qum, qurum va boshqa mayda zarrachalar ham kirishi mumkin. Havo filtri ana shu iflosliklarni dvigatelga yetib bormasdan ushlab qoladi.
Filtr materiali garmoshka shaklida buklangani sababli uning filtrlash yuzasi kattalashadi. Vaqt o‘tishi bilan unda iflosliklar yig‘ilib boradi va havoning o‘tishi qiyinlashadi. Natijada havo oqimiga qarshilik ortadi.
Bu, ayniqsa, dvigatel katta yuklama ostida ishlayotgan paytda seziladi. Juda ifloslangan filtr motor uchun zarur bo‘lgan havo miqdorini cheklashi mumkin.
Shikastlangan filtr yanada xavfli
«O‘zavtosanoat» ta’kidlashicha, oddiy ifloslanishdan ko‘ra filtrning yirtilishi, shikastlanishi yoki noto‘g‘ri o‘rnatilishi xavfliroq.
Bunday holatda havo yetarli darajada tozalanmasdan dvigatelga kiradi. Chang tarkibidagi qattiq mineral zarrachalar abraziv kabi ta’sir qilib, vaqt o‘tishi bilan silindr devorlari va porshen halqalarining tezroq yeyilishiga olib kelishi mumkin.
Iflosliklarning bir qismi motor moyiga tushib, moylash tizimini ham qo‘shimcha ravishda ifloslantirishi ehtimoli bor.
Tracker va Onix turbinasiga ham zarar yetishi mumkin
Onix va Tracker’ning turbomotorli versiyalarida havo filtri nafaqat dvigatelni, balki turbokompressorni ham himoya qiladi.
Filtrdan o‘tgan havo turbokompressorning kompressor qismiga yo‘naladi. Agar filtratsiya buzilsa, chang va boshqa qattiq zarrachalar katta tezlikda aylanayotgan parraklarga tushishi mumkin.
Ularning muntazam ta’siri vaqt o‘tishi bilan turbina parraklari yuzasida eroziya paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobilini yangilagani haqida yozgan edi.