
Chevrolet 2027-yilgi Chevrolet Tahoe yo‘ltanlamasining AQSh bozoridagi narxlarini e’lon qildi. Modelning aksariyat komplektatsiyalari 2026-yilgi versiyaga nisbatan qimmatroq bo‘lgan.
GM Authority ma’lumotiga ko‘ra, yangi model yilida Tahoe dizayn va jihozlanish bo‘yicha katta o‘zgarishlarga uchramagan. Asosiy yangiliklar ayrim opsiyalar tarkibining qayta ko‘rib chiqilishi hamda narxlarning oshishi bilan bog‘liq.
Chevrolet Tahoe qancha turadi
2027-yilgi Chevrolet Tahoe’ning boshlang‘ich LS komplektatsiyasi ikki g‘ildirakdan tortuvchi versiyada $63 995, to‘liq uzatmali variantda esa $66 995 dan sotuvga chiqariladi.
LT versiyasi narxi mos ravishda $66 995 va $69 995 dan boshlanadi. Faqat to‘liq uzatma bilan taklif qilinadigan Z71 komplektatsiyasi $73 995 ga baholangan.

RST versiyasining ikki g‘ildirakdan tortuvchi turi $72 395, to‘liq uzatmali varianti esa $75 395 turadi. Premier komplektatsiyasi uchun esa mos ravishda $78 895 va $81 895 to‘lash kerak bo‘ladi. Ushbu narxlarga $2 795 miqdoridagi yetkazib berish xarajati ham kiritilgan.
Shuningdek, o‘qing: Onix va Tracker’da havo filtrini qachon almashtirish kerak
Ayrim versiyalar $900 gacha qimmatlashdi
2026-yilgi model bilan solishtirganda LS, LT va Z71 versiyalari $500 ga qimmatlashgan. Eng katta o‘sish RST komplektatsiyasida kuzatilgan — uning boshlang‘ich narxi $900 ga oshgan.
Premier versiyasi ham avvalgi model yiliga nisbatan $500 qimmatroq bo‘lgan.
High Country endi faqat to‘liq uzatma bilan
2027-yilgi Chevrolet Tahoe High Country komplektatsiyasida muhim o‘zgarish amalga oshirilgan. Chevrolet ushbu versiyaning ikki g‘ildirakdan tortuvchi variantidan voz kechgan va endilikda High Country standart ravishda to‘liq uzatma bilan taklif qilinadi.
6,2 litrli V8 benzin dvigatelli Tahoe High Country narxi $86 995 dan boshlanadi. Bu 2026-yilgi mos versiyaga nisbatan $500 ko‘p.
Shu bilan birga, 3,0 litrli olti silindrli Duramax turbodizel dvigateli bilan jihozlangan High Country’ning bazaviy narxi aksincha, avvalgi model yiliga nisbatan $1 540 ga kamaygan.

Qo‘shimcha opsiyalar ham arzon emas
Chevrolet 2027-yilgi Tahoe uchun ko‘plab zavod paketlari va qo‘shimcha jihozlarni taklif qiladi.
Masalan, faqat RST 4WD uchun mo‘ljallangan RST Performance Edition paketi $12 130 turadi. High Country Deluxe paketi 6,2 litrli V8 dvigateli bilan $7 690, 3,0 litrli Duramax bilan esa $7 640 ga baholangan.
Bundan tashqari, ayrim versiyalar uchun Advanced Technology Package, Z71 Off-Road Package, Super Cruise, panoramali tom, 22 va 24 dyuymli g‘ildirak disklari hamda boshqa qo‘shimcha jihozlar mavjud.
Shuningdek, o‘qing: Eng tejamkor beshta gibrid avtomobil — reyting
Uch xil dvigatel taklif qilinadi
2027-yilgi Chevrolet Tahoe avvalgidek uch turdagi dvigatel bilan sotiladi. Ular 5,3 litrli V8, 6,2 litrli V8 va 3,0 litrli olti silindrli Duramax turbodizel dvigatellaridir.
Model GM T1 platformasida ishlab chiqariladi. Tahoe’ni yig‘ish AQShning Texas shtatidagi Arlington zavodida amalga oshiriladi.
Avvalroq «Kursiv» UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobilini yangilagani haqida yozgan edi.