
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov nafaqat shaxmat taxtasidagi natijalari, balki uning hayoti, safarlari va olgan sovg‘alari bilan ham muxlislar e’tiborida. Kursiv Uzbekistan shaxmatchining ochiq manbalardagi ma’lumotlari asosida uning avtomobili, olgan qimmatbaho sovg‘alari va xorijdagi safarlariga nazar tashladi.
Prezident sovg‘asi — Chevrolet Equinox
Javohir Sindarov 2022-yilda Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Tarixiy g‘alabadan so‘ng terma jamoa a’zolariga Chevrolet Equinox avtomobillari, 600 mln so‘mdan pul mukofoti hamda «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni topshirilgan. Sovrindorlar qatorida Javohir Sindarov ham bo‘lgan.
Biroq shaxmatchi ayni paytda kundalik hayotida aynan shu avtomobildan foydalanishi haqida tasdiqlangan yangi ma’lumot mavjud emas. Uning ijtimoiy tarmoqlarida ham shaxsiy avtomobili haqida muntazam ma’lumot berilmaydi.
Bolaligida Prezidentdan MacBook olgan
Sindarov davlat tomonidan ilk bor yoshligidayoq taqdirlangan. 2017-yilda u xalqaro master unvoniga sazovor bo‘lganidan keyin unga Prezident sovg‘asi sifatida MacBook topshirilgan. O‘sha paytda shaxmatchi hali 12 yoshga ham to‘lmagan edi.
2018-yilda esa Sindarov dunyoning eng yosh grossmeysterlaridan biriga aylandi. O‘sha davrda unga Prezident nomidan uch xonali kvartira sovg‘a qilingani haqida ham xabar berilgan.
Jahon kubogidan keyin yana xonadon
2025-yilda Sindarov FIDE Jahon kubogida g‘olib chiqib, musobaqa tarixidagi eng yosh chempionlardan biri sifatida yana katta e’tibor markaziga tushdi. G‘alabadan keyin unga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni berildi.
Shuningdek, Prezident sovg‘asi sifatida shaxmatchiga uch xonali xonadon topshirilishi belgilandi. Bu bilan sovg‘alar tugamadi. 2026-yilda «Da’vogarlar turniri»dagi g‘alabasidan keyin tadbirkor va Imarat Development asoschisi Marat Xayrullayev ham Sindarovga Toshkentdan ikki xonali kvartira sovg‘a qildi.
AQShda 2,5 oy sayohat qildi
So‘nggi yillarda Sindarovning hayotining katta qismi xalqaro turnirlar va safarlarda o‘tmoqda. 2026-yil yozida shaxmatchi AQShda qariyb 2,5 oy bo‘lib, olti shtatga tashrif buyurdi.
Bu vaqt ichida u to‘rtta turnirda qatnashib, ikki oltin, bir kumush va bir bronza medalini qo‘lga kiritdi. Safardan olingan ko‘plab kadrlarni Sindarov o‘zining Instagram sahifasida ham ulashgan. Shaxmatchi Sharlottda Naroditsky Memorial turnirida qatnashgan, keyinchalik Sent-Luisdagi yirik musobaqalarda o‘ynagan. Shuningdek, AQShda bo‘lgan vaqtida futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchrashuvlarini stadiondan tomosha qilishga ham ulgurgan.
Mayamidagi futbol va xorijdagi kadrlar
Sindarovning xorijdagi hayotiga oid suratlarda faqat shaxmat turnirlari emas, uning bo‘sh vaqti ham aks etadi. Masalan, u qozog‘istonlik grossmeyster Bibisora Assaubayeva bilan Mayamida futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionatining Fransiya – Angliya uchrashuvini stadiondan kuzatgan.
Shaxmatchining Instagram sahifasida AQSh va boshqa davlatlardagi musobaqalar, shaharlar, stadionlar hamda safarlardan olingan kadrlar uchraydi. Shu bilan birga, u avtomobillar yoki boshqa qimmatbaho buyumlarni alohida namoyish etishga ko‘p urg‘u bermaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Magnus Karlsen tomonidan Sindarov amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi bo‘ladigan bahsda yaqqol favorit deb atalgani haqida yozgan edi.