Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi jahon chempionati formati tasdiqlandi

14-oktabr 2026 10:51 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi jahon chempionati formati tasdiqlandi
Foto: SI / Sapura Temirxanova

FIDE o‘zbekistonlik Javohir Sindarov va hindistonlik Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi jahon chempionligi uchun bahs reglamentini tasdiqladi. Uchrashuv ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi, birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi g‘olib chiqadi.

Reglamentga ko‘ra, har bir partiyada dastlabki 40 yurish uchun 120 daqiqa beriladi. Shundan keyin o‘yinning qolgan qismi uchun yana 30 daqiqa ajratiladi. 41-yurishdan boshlab esa har bir yurish uchun qo‘shimcha 30 soniya beriladi.

Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi jahon chempioni bo‘ladi.

Shuningdek, o‘qing: Nodirbek Abdusattorov Javohir Sindarov haqida nima dedi

7:7 hisobida tay-breyk o‘tkaziladi

Agar 14 ta klassik partiyadan keyin hisob 7:7 bo‘lsa, chempion tay-breyk orqali aniqlanadi.

«Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan o‘yinchi bahsda g‘alaba qozonadi. Klassik partiyalar 7:7 hisobida yakunlansa, chempionlik taqdiri rapid va blits tay-breyklarida hal qilinadi», – deyiladi FIDE bayonotida.

Manbaga ko‘ra, tay-breyklar 12-dekabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, qora donalarda o‘ynayotgan shaxmatchining 40-yurishigacha tomonlarga durangga kelishish taqiqlanadi.

Ushbu format 2024-yilda joriy qilingan

Shuningdek, o‘qing: Mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantira oldim — Nodirbek Yoqubboyev

Mazkur vaqt nazorati FIDE tomonidan 2024-yil sentabrida tasdiqlangan. U ilk bor Din Lijen va Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi jahon chempionligi bahsi oldidan qo‘llanilgan.

Avvalgi formatda 40 yurish uchun 120 daqiqa, keyingi 20 yurish uchun 60 daqiqa va partiya oxirigacha yana 15 daqiqa berilgan. Yangi tartibda esa vaqt nazorati ikki bosqichga qisqartirilib, 30 soniyalik qo‘shimcha vaqt 41-yurishdan boshlab beriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, FIDE natijador o‘yinlarni rag‘batlantirish maqsadida har bir g‘alaba uchun moliyaviy bonus tizimini ham joriy qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sindarov va Gukesh jahon toji uchun qanday tayyorlanayotgani haqida ma’lumot berilgandi. Nashrga ko‘ra, Sindarov hal qiluvchi bahs oldidan musobaqalardan butunlay voz kechmoqchi emas. U Sent-Luisda o‘tkaziladigan Clutch Chess turnirida qatnashadi. Unda Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana va Praggnanandhaa kabi kuchli grossmeysterlar ham ishtirok etadi.

Shuningdek