Yevropa Ittifoqi sudi rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilovaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishdan bosh tortdi. Bu haqdagi qaror sud saytida e’lon qilindi.
Ismoilova 2022-yil aprel oyi boshidan Yevropaning sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgan. Bunga Rossiya Federatsiyasidan kelgan tadbirkor bilan yaqin oilaviy aloqa sabab boʻlgan.
Germaniya rasmiylari tomonidan olib borilgan tergovga koʻra, Usmonov oʻz singlisiga aktivlarni bilvosita oʻtkazgan. Ismoilova Dilbar yaxtasining yagona benefitsiar egasi hisoblanadi. Shuningdek, Italiya va Latviyadagi rossiyalik milliarderga tegishli boʻlishi mumkin boʻlgan hashamatli koʻchmas mulkka aloqasi borligi aytilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2022-yil kuzida Usmonovning boshqa singlisi Saodat Nurziyeva Yevropa Ittifoqining sanksiyalar roʻyxatidan chiqarilgan edi.
Avvalroq «Kursiv» joriy yilning bahorida Usmonov Germaniya prokuraturasini jinoiy ishda ayblagani haqida xabar bergan edi.