Xitoyning Yadea kompaniyasi litiysiz natriy-ionli akkumulyator bilan jihozlangan birinchi elektr skuterlarini taqdim etdi. Bu haqida carnewschina nashri ma’lum qildi.
Ushbu yangi transport vositalarining narxi $450 dan $590gacha belgilangan. Skuterlar zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, yuqori samaradorlikni ta’minlaydi va ekologik jihatdan xavfsizdir.
Yadea tomonidan taqdim etilgan modellar Yuji natriy batareyasiga ega bo‘lib, energiya zichligi 145 Vt/kg dan oshadi. Batareya normal foydalanishda besh yil xizmat qiladi va 1500 martagacha zaryadlanishi mumkin. Natriy batareyalar sovuq haroratga yaxshi moslashadi va -20°C darajada ham quvvatning 92 foizini saqlab qoladi. Shuningdek, skuterlar 1,5-3C zaryadlashni qo‘llab-quvvatlab, atigi 15 daqiqada 80 foizgacha quvvatlanadi.
Yadea kompaniyasi yangi Huayu JiNo Supercharging Ekotizimini ham taqdim etdi. Ushbu tizim orqali super zaryadlovchi stansiyalarni kuzatish va muammoli akkumulyatorlarni avtomatik qulflash imkoniyati yaratilgan. Bu nafaqat foydalanuvchilarga qulaylik yaratadi, balki xavfsizlikni ham ta’minlaydi.
Natriy-ionli batareyalar lityumga nisbatan bir qancha afzalliklarga ega. Ular ishlab chiqarish xarajatlari past bo‘lishi bilan birga, ekologik jihatdan qulayroq va sovuq haroratga bardoshli. Ammo past energiya zichligi va sekinroq zaryadlanish kabi kamchiliklari sababli asosan kichik transport vositalari va energiya saqlash tizimlarida qo‘llaniladi.
Yadea tomonidan chiqarilgan yangi skuterlar ikki g‘ildirakli transport bozorida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Mazkur transport vositalari nafaqat arzon narxlarda taklif etiladi, balki zamonaviy texnologiyalarni ham o‘zida mujassam etgan. Natriy-ionli texnologiya bilan jihozlangan skuterlarning Xitoy bozoridagi o‘rni yanada mustahkamlanishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijonda elektro skuter ishlab chiqarish zavodi qurilishi boshlangani haqida xabar bergan edi.