
Xiaomi o‘zining navbatdagi flagmani – Xiaomi 15 Ultra smartfoni haqidagi yangi tafsilotlarni e’lon qildi. Bu haqda IThome nashri ma’lum qildi.
Xitoy versiyasi 6000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lishi haqidagi mish-mishlar tasdiqlandi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ushbu model nafaqat yuqori darajadagi kameraga, balki ajoyib avtonomiyaga ham ega bo‘ladi.
Qurilmaning zaryadlash tezligi ham hayratlanarli – simli zaryadlash 90 Vt, simsiz zaryadlash esa 80 Vt quvvatni qo‘llab-quvvatlaydi. Xiaomi ma’lumotlariga ko‘ra, smartfon 1,5 kungacha ishlashga qodir va 1000 ta zaryadlash siklidan keyin ham batareya quvvati 90 foizdan yuqori saqlanib qoladi.
Kameralar borasida ham Xiaomi 15 Ultra yetakchilikni saqlab qolmoqda. Qurilma 200 megapikselli periskop sensori bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, kompaniya yangi flagmanda ilg‘or aloqa texnologiyalari bo‘lishini ham tasdiqladi. Smartfon ikkita tizim – Beidou va Tiantong sun’iy yo‘ldosh aloqasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, mobil tarmoq qoplanmagan hududlarda ham 7 kmgacha bo‘lgan masofada qo‘ng‘iroq qilish imkoniyatini taqdim etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi 15 Ultra flagmani iPhone 16 Pro Max va Galaxy S25 Ultra bilan raqobatga tayyor ekani haqida xabar bergan edi.