Haval F8 krossoverining interyeri yangilandi

3-mart 2025 13:01 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir
Haval F8 krossoverining
Haval F8 krossoverining interyeri yangilandi / Foto: Haval

Haval kompaniyasi ikkinchi avlod Xiaolong MAX (yangi nomi Haval F8) interyerining rasmiy suratlarini e’lon qildi. Bu yangi dizayn yondashuvi bo‘lib, kelajakda boshqa Haval modellarida ham shunga o‘xshash o‘zgarishlarni ko‘rishimiz mumkin. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.

Haval F8 ichki dizaynida asboblar paneli raqamli ekranga ega bo‘lib (12,3 dyuym), old panelga integratsiya qilingan. Media tizimi displeyi (14,6 dyuym) esa old paneldan yuqoriga chiqib turadi. Markaziy tunnelda haydovchiga qulaylik yaratish maqsadida jismoniy tugmalar saqlanib qolgan.

Komfort darajasini oshirish uchun avtomobilning ovoz izolyatsiyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Old yon oynalar ikki qavatli ovoz o‘tkazmaydigan materialdan tayyorlangan, eshiklar esa uch qavatli muhr bilan jihozlangan. Shuningdek, kuzov bo‘ylab 35 ta ovoz yutuvchi materiallar o‘rnatilgan.

Haval F8
Haval F8 krossoverining interyeri yangilandi / Foto: Haval

Interyer qulayliklari orasida haydovchi o‘rindig‘ining 12 yo‘nalishda elektr boshqarilishi va yo‘lovchi o‘rindig‘ining 4 tomonlama sozlanishi mavjud. Shuningdek, barcha o‘rindiqlar isitish funksiyasiga ega bo‘lib, old o‘rindiqlar shamollatish va massaj funksiyasi bilan jihozlangan.

Haval F8 o‘lchamlari 4780 x 1895 x 1725 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2810 mm ga teng. Krossover 1,5 litrli benzinli dvigatel asosida ishlab chiqilgan gibrid uzatma tizimiga ega bo‘ladi. Bu yangilangan model qulayligi, innovatsion funksiyalari va energiya tejamkorligi bilan o‘z segmentida katta e’tibor qozonishi kutilmoqda.

Haval F8
Haval F8 krossoverining interyeri yangilandi / Foto: Haval

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Haval Xiaolong Max krossoverining takomillashgan versiyasi taqdim qilingani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek