
Huawei kompaniyasi China Unicom bilan hamkorlikda Xitoyning Xebey provinsiyasidagi Syun’an hududida birinchi 10G keng polosali internet tarmog‘ini ishga tushirdi. Bu haqda Mydrivers portali xabar berdi.
Yangilangan tarmoq dunyodagi ilk 50G PON texnologiyasi asosida ishlaydi. U orqali har bir foydalanuvchi uchun internet tezligi an’anaviy gigabit darajasidan 10G darajasigacha oshirilib, tarmoqdagi ping (kechikish) esa millisoniyalargacha qisqartirildi.

«Huawei va China Unicom kuchlarini birlashtirib, Syun’an mintaqasida 10G tarmoqli internetni muvaffaqiyatli ishga tushirdi. Bu texnologik yechim kelajakdagi yuqori sifatli xizmatlar uchun mustahkam asos yaratadi,» — deyiladi xabarda.
10G internet 8K sifatdagi video uzatish, bulutli xotiralar (cloud storage), qo‘shimcha reallik (AR) va virtual reallik (VR) xizmatlari, sanoat tarmoqlari uchun raqamli transformatsiya hamda zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Uzbekistan Airways reyslari internet bilan ta’minlanishi haqida yozgandi.