
Samsung Electronics America o‘zining Tactical Edition liniyasini yangi Galaxy Tab Active5 Tactical Edition plansheti bilan kengaytirganini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berilgan.
Ushbu qurilma AQSh Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, harbiy va razvedka xizmatlari uchun mo‘ljallangan.

«Bizning Tactical Edition yechimlarimiz tijorat qurilmalari kuchini murakkab operatsiyalarda harbiy xizmatchilarning ehtiyojlarini qondiradigan noyob dasturiy ta’minot bilan birlashtiradi. Galaxy Tab Active5 Tactical Edition – bu soha uchun bizning eng kuchli, katta ekranli taktik planshetimizdir», – degan Samsung Electronics America kompaniyasining B2B biznesi rahbari Tayler Gipson.

Galaxy Tab Active5 Tactical Edition «taktik radiotizimlar», dronlar, lazer masofa o‘lchagichlar, tashqi GPS modullarini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmada «yashirin rejim» mavjud bo‘lib, unda barcha radio modullar (Wi-Fi, LTE, 5G, GPS va boshqalar) planshetni aniqlab bo‘lmasligi uchun o‘chirilgan. Galaxy Tab Active5 Tactical Edition Galaxy AI vositalariga ega va Samsung Knox platformasi tomonidan himoyalangan. Buzg‘unchilikning oldini olish uchun Hypervisor Device Manager (HDM) texnologiyasi qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy telefonlari uchun signallar sonining yuqori chegarasini 50 tadan 100 tagacha belgilagani haqida yozgan edi.