
Asl Belgisi — bu iste’molchidan tortib Soliq qo‘mitasi xodimigacha foydalanishi mumkin bo‘lgan raqamli vosita. Platforma tovar aylanmasini kuzatishga yordam beradi, bu esa biznes va nazorat organlarining ma’lumot to‘plashdagi ishini sezilarli darajada osonlashtiradi, shuningdek, foydalanuvchilarga sotib olingan mahsulotlarning sifatiga ishonch hosil qilish imkonini beradi.
Asl Belgisi ilovasining funksiyalari doimiy ravishda kengayib bormoqda. So‘nggi versiyada Asl Belgisi ilovasi foydalanuvchilar uchun yanada qulayroq bo‘lib, dizayni butunlay yangilandi. Turli bo‘limlar bo‘yicha navigatsiyalar qo‘shildi. Endilikda dori nomi va qadoqni skanerlash orqali qidirish mumkin. Bu kerakli dorini tezda topish va barcha asosiy ma’lumotlarni olish imkonini beradi.
Natijalarda quyidagilar aks etadi:
— belgilangan normativlarga muvofiq preparatning yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori narxi;
— shahar dorixonalaridagi narxlar diapazoni foydalanuvchiga eng foydali taklifni tanlash imkoniyatini beradi.
Shuningdek, har bir dori kartasida PDF formatida qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatma qo‘shildi. Uni to‘g‘ridan to‘g‘ri ilovada ko‘rish yoki qurilmaga yuklab olish mumkin.
Ushbu funksiyalar Asl Belgisini o‘z sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik qiladigan va sotib olinayotgan mahsulotning sifati va haqiqiyligiga ishonch hosil qilishni istaganlar uchun yanada foydali vositaga aylantiradi.
ASL Belgisi qanday ilova?
Asl Belgisi tovarlarning haqiqiyligini tekshirish hamda ularning O‘zbekiston hududida qonuniy muomalada ekanligini aniqlash imkonini beruvchi mobil ilova. Ilova yordamida tovar qadoqlaridagi Data Matrix-kodlarni skanerlash orqali mahsulotning rasmiy markirovkadan o‘tgan-o‘tmaganligi, ishlab chiqaruvchisi, ishlab chiqarilgan sanasi hamda amaldagi me’yorlarga muvofiqligi haqida ma’lumot olish mumkin.
Asl Belgisi ilovasi xaridorlarga O‘zbekiston hududiga qonuniy ravishda olib kirilgan, asl va sertifikatlangan mahsulotlarni qalbaki yoki kontrafakt mahsulotlardan farqlashda ishonchli yordamchi bo‘lib xizmat qiladi.
ASL Belgisi ilovasidan qanday foydalaniladi?
Asl Belgisi mobil ilovasi bepul bo‘lib, mamlakatning barcha fuqarolari va mehmonlari uchun ochiq. Ilovani birinchi marta ishga tushirayotganingizda o‘zingizga qulay tilni tanlang (istalgan vaqtda bu sozlamalarni o‘zgartirish mumkin). So‘ng foydalanuvchi kelishuvi bilan tanishib chiqing va shartlarga rozilik bildiring.
Shundan keyin ilova sizdan telefon raqamingizni kiritishni so‘raydi. Ushbu raqamga maxsus SMS-kod yuboriladi va uni tegishli maydonga kiriting hamda ro‘yxatdan o‘tishni yakunlang. Keyingi bosqichda shaxsiy profilingizni to‘ldiring: ismingiz, jinsingiz va tug‘ilgan sanangizni ko‘rsating. Keyin siz ilovaning barcha funksiyalaridan foydalanishingiz, shuningdek, skanerlash tarixini ko‘rib chiqishingiz mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tgach, ilovaning bosh ekraniga o‘tasiz. Ekranning pastki qismida markazda skaner belgisi tushirilgan tugma joylashgan. Ushbu tugmani bosing, kameraga ruxsat bering va qurilma kamerasi orqali mahsulot qadog‘idagi Data Matrix-kodga yo‘naltiring. Ilova kodni avtomatik tarzda aniqlaydi va mahsulot haqidagi ma’lumotlarni chiqaradi.

Markirovka yo‘qligi yoki boshqa qoidabuzarliklar ustidan qanday shikoyat qilish mumkin?
Agar markirovka kodi qandaydir sabablarga ko‘ra o‘qilmasa yoki olingan ma’lumotlarda xatoliklar mavjud bo‘lsa — masalan, mahsulotning nomi noto‘g‘ri ko‘rsatilsa yoki ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlar bo‘lmasa — ilovada mavjud «Qoidabuzarlik haqida xabar berish» tugmasini bosish orqali bu holat haqida darhol xabar berishingiz mumkin.
Tegishli bo‘limda mahsulot turkumini tanlashdan boshlang. Masalan, tamaki mahsulotlari. Keyin qoidabuzarlik aniqlangan joyni ko‘rsating. Buning uchun viloyat va tuman ma’lumotlarini, shuningdek, savdo nuqtasining nomi, STIR (agar ma’lum bo‘lsa) va aniq manzilini kiriting. Barcha ma’lumotlar to‘ldirilgach, ularni saqlash uchun «Qo‘shish» tugmasini bosing.
Keyingi bosqichda qoidabuzarlik turini tanlang. Agar mahsulotda markirovka mavjud bo‘lmasa, shu bandni belgilang. Agar holat nostandart bo‘lsa, «Boshqa» variantini tanlashingiz mumkin. Shundan so‘ng shikoyat yuborishning yakuniy bosqichiga o‘tiladi.
«Qoidabuzarlik haqida ma’lumot» bo‘limida muammoning mohiyatini batafsil tarzda tavsiflang — masalan, mahsulot qadoqlarida markirovka yo‘qligi. Shuningdek, tasdiqlovchi materiallarni ilova qiling: tovarning fotosuratlari (uchtagacha surat) va kassa cheki (uchtagacha).
Shikoyatni yuborishdan oldin barcha kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini va yuklangan fotosuratlarning yetarlicha aniq ekanligini tekshirib chiqing. Sizning murojaatingiz tegishli hokimiyat organlariga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Shuningdek, ushbu shikoyatni «Soliq» ilovasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri Davlat soliq qo‘mitasiga ham yuborishingiz mumkin.
