Yangiliklar

O‘zbekistonlik informatiklar Koreyada malaka oshirish uchun yuboriladi 

Ta’lim
Ta'lim
O‘zbekistonlik informatiklar Koreyada malaka oshirish uchun yuboriladi / Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

Yuqori ball bilan toifa sertifikatiga ega bo‘lgan informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari Koreyaga malaka oshirishga yuboriladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

Janubiy Koreyaning Seul ta’lim departamenti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «KLIC Training Program» loyihasi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur loyiha xalqaro tajribani o‘rganish, ta’lim jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda o‘qituvchilarning malakasini oshirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

Loyihada barcha hududdan tanlab olingan, yuqori ball bilan toifa sertifikatiga ega bo‘lgan 14 nafar informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi hamda bir nafar koordinator ishtirok etmoqda.

Ishtirokchilar 10 kun davomida Koreyada bo‘lib, u yerda tajriba almashish, umumta’lim maktablari faoliyati bilan tanishish hamda raqamli ta’lim tizimi jarayonlarini chuqur o‘rganishlari ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Islom taraqqiyot banki O‘zbekiston ta’limiga $19,2 million ajratgani haqida yozgandi.