
2026-yil 1-yanvardan boshlab majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvi o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Soliq organlari axborot tizimi orqali qoidabuzarliklarni aniqlash va ularni nazorat qilish yangi tartibda amalga oshiriladi. Tekshirish uchun maxsus guvohnoma olish talab qilinmaydi.
Agar qoidabuzarlik aniqlansa, avvalo tadbirkorga ogohlantirish beriladi. Ikkinchi marta ogohlantirishdan so‘ng yana qoidabuzarlik aniqlangan taqdirda, belgilangan miqdorda jarima solinadi. Shuningdek, jarima qo‘llangan tadbirkorlar uchun 1 yil davomida QQS summasining o‘rni qoplanmaydi, bu esa jarimani yanada og‘irlashtiruvchi chora hisoblanadi.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab farmatsevtika faoliyati va dori vositalari, tibbiy buyumlarni chakana sotish bilan shug‘ullanuvchi yangi tashkil etilgan subyektlarga litsenziya berishda yangi talablar joriy etiladi. Unga ko‘ra, faoliyatni amalga oshirish uchun ko‘chmas mulk bo‘yicha ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
Shuningdek, ushbu subyektlar xaridorlardan to‘lovlarni qabul qilish uchun elektron to‘lov vositalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda turagentlik faoliyati uchun litsenziya bekor qilinishi haqida yozgan edik.