Gadjetlar

Nvidia eng arzon Blackwell grafik kartasini taqdim etdi

Yangi RTX 5050 narxi atigi $250 ni tashkil etadi
Rasm Sora SI yordamida sayqallangan / Manba: Nvidia

Nvidia o‘zining Blackwell avlodidagi eng arzon grafik kartasi – GeForce RTX 5050 modelini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.

Bu karta avvalgi RTX 3050 o‘rnini bosadi. RTX 4050 esa umuman kompyuterlar uchun chiqarilmagan.

Yangi RTX 5050 narxi atigi $250 ni tashkil etadi. Bu RTX 5060’dan bor-yo‘g‘i 50 dollarga arzon. Biroq texnik jihatdan ular o‘rtasidagi farq sezilarli.

RTX 5050 grafik protsessori GB107 asosida ishlab chiqilgan. Unda 2560 ta CUDA yadrosi bor.

Solishtirish uchun, RTX 5060’da bu ko‘rsatkich 3840 taga teng. Ya’ni RTX 5060 1,5 baravar kuchliroq.

Yangi karta 8 GB GDDR6 xotiraga ega. Xotira tezligi – 20 GGs, avtobus kengligi – 128 bit. GPU chastotasi esa 2,31 dan 2,57 GGs gacha.

TDP darajasi 130 Vt. Bu RTX 4060’dan 15 Vt ko‘p, garchi unda hisoblash bloklari ham ko‘proq bo‘lsa-da.

Insayderlarga ko‘ra, RTX 5050 noutbuk versiyasi RTX 4060 darajasida ishlaydi. Shunga ko‘ra, desktop (kompyuter) versiyasi ham o‘xshash kuchga ega bo‘lishi mumkin.

Yangi karta savdosi iyul oyida boshlanishi kutilmoqda. Ba’zi manbalarga ko‘ra, bu 1-iyuldan boshlanishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, Nvidia – bu dunyodagi eng mashhur texnologiya kompaniyalaridan biri. U asosan grafik protsessorlar (GPU) ishlab chiqaradi. Bu protsessorlar kompyuter o‘yinlari, sun’iy intellekt, video tahrirlash va boshqa og‘ir vazifalarni bajarishda kerak bo‘ladi.

Kompaniya 1993-yilda AQShda tashkil etilgan. Nvidia’ning eng mashhur mahsulotlari – GeForce grafik kartalari. Ular o‘yinchilar va grafik dizaynerlar orasida juda ommabop.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nvidia haydovchisiz avtomobillar uchun yangi platformani ishga tushirgani haqida yozgan edi.