Gadjetlar

Jismoniy klaviaturali va ikki ekranli telefon namoyish etildi

U 2014-yilda chiqarilgan to‘rtburchak BlackBerry Passport’ni eslatadi
Jismoniy klaviaturali va ikki ekranli telefon namoyish etildi. Foto: Unihertz

Jismoniy klaviaturali va ikki ekranli telefon namoyish etildi. Bu haqda Unihertz o‘zining rasmiy sahifasida xabar berdi.

Kompaniyaning Titan 2 telefoni Android 15 operatsion tizimi va zamonaviy texnik xususiyatlarga ega, shuning uchun undan foydalanish qulay bo‘ladi.

Titan 2 ko‘rinishi bilan 2014-yilda chiqarilgan to‘rtburchak BlackBerry Passport’ni eslatadi – uning tekis qirralari va 4,5 dyuymli 1440×1440 pikselli kvadrat displeyi bor. Mayda va mustahkam telefonlari bilan tanilgan Shanxay brendi bu qurilma orqali «eski» gadjet foydalanuvchilariga murojaat qilmoqda.

Unihertz Titan 2 - The Latest 5G QWERTY Smartphone

Klaviaturalar qanday funksiyalarni bajaradi

Telefonning old qismining uchdan birini egallagan klaviaturada to‘liq QWERTY tartibidagi tugmalar mavjud bo‘lib, ular yoritiladi va bosilganda yaxshi seziladi. Ushbu tugmalar bir nechta imkoniyatlarga ega: ular trekpad sifatida ham ishlaydi, ya’ni hujjatlar yoki TikTok videolarini ekranga tegmasdan varaqlash mumkin.

Matn bilan ishlayotganda mazkur tugmalar kursor vazifasini ham bajaradi. Shuningdek, har bir tugmaga uzoq bosish yoki qisqa bosish orqali maxsus dasturlarni, platformalarni (masalan, YouTube) ochish mumkin.

Bu klaviaturadan maksimal darajada foydalanishga yordam beradi. Bundan tashqari, telefonda yon tomonlarda ikkita maxsus tugma bor bo‘lib, ularni ham tezkor funksiyalar uchun sozlash mumkin.

Foto: Ekran tasviri videodan olindi

Telefon orqa qismida kamera yonida 2 dyuymli ikkinchi ekran ham mavjud bo‘lib, u soatni, kim qo‘ng‘iroq qilayotganini va boshqa bildirishnomalarni ko‘rsatadi.

Texnik xususiyatlar

Ichki qismini olsak, Android 15 asosidagi Titan 2 2019-yilda chiqqan birinchi Titan’dan ancha zamonaviy. Unda o‘rta darajadagi MediaTek Dimensity 7300 sakkiz yadroli protsessor o‘rnatilgan. Bu $279 turadigan CMF Phone 2 Pro va Motorola Razr 60 Ultra’da ham ishlatiladi. Protsessor 12 GB operativ xotira va 512 GB ichki xotiradan iborat.

Telefonning orqa qismida 50 megapikselli asosiy kamera va 8 megapikselli telefoto linza mavjud. Old tomonda esa 32 megapikselli kamera bor.

Telefon 5,050 mA/soat sig‘imli akkumulyator va 33 Vt quvvatda tezkor zaryadlash imkoniyatiga ega – va yaxshi tomoni shundaki, zaryadlovchi qurilma qutiga qo‘shib beriladi. Unihertz Titan 2 kun bo‘yi quvvat yetishini va’da qilmoqda. Telefon 5G tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi, ikkita SIM kartani qo‘yish mumkin, va yuzni tanib, qulfni ochish funksiyasi ham mavjud.

Ekran tasviri videodan olindi

Qurilma og‘irligi 235 gramm bo‘lib, bugungi ko‘pchilik smartfonlarga qaraganda biroz og‘irroq va qalinroq – uning qalinligi 10,8 mm. Taqqoslash uchun aytganda, iPhone 16 Plus atigi 7,80 mm qalinlikda va 199 gramm og‘irlikda.

Titan 2’ning hozirda kutilayotgan narxi $399. Agar hammasi rejaga muvofiq ketsa, telefon oktabr oyida tanlangan mamlakatlarga jo‘natiladi, yetkazib berish narxi $10 – $30 oralig‘ida bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honorning mahsulotlar bo‘yicha vitse-prezidenti Li Kun Honor Magic V5 haqida muhim tafsilotlarni oshkor qilgani haqida yozgandi.