Gadjetlar

Huawei Pura 80 smartfonlar global bozorga chiqdi

Taqdimot Dubayda o‘tkazilgan
Huawei
Huawei Pura 80 smartfonlar global bozorga chiqdi / Manba: Huawei

Huawei kompaniyasi o‘zining yangi flagman seriyasi – Huawei Pura 80 smartfonlarini global bozorda taqdim etdi. Seriyaga Pura 80 Pro va Pura 80 Ultra modellari kiradi. Qurilmalar ilg‘or kamera tizimi, yuqori sifatli ekran hamda tez zaryadlash texnologiyalari bilan ajralib turadi. Taqdimot Dubay shahrida bo‘lib o‘tdi.

Foto: Huawei

Yangi smartfonlar kuchli kamerasi, yorqin ekrani, katta akkumulyatori va zamonaviy dizayni bilan ajralib turadi. Ularning dizayni g‘arb va sharq estetikasidan ilhomlangan bo‘lib, korpus sirli va yaltiroq qoplama bilan bezatilgan. Kamera moduli esa uchburchak shaklida joylashtirilgan. Pura 80 Ultra modelida titanli korpus va ikkinchi avlod Kunlun Glass himoya oynasi ishlatilgan. Bu oynaning tushishga va tirnalishga chidamliligi oddiy oynalarga qaraganda ancha yuqori.

Foto: Huawei

Pura 80 Ultra asosiy kamerasi 1 dyuymli sensor asosida yaratilgan. U juda ko‘p yorug‘likni ushlay oladi va tasvirda yorug‘lik hamda soya tafovutlarini muvozanatlaydi. Ikki dona telefoto obyektiv 3,7x va 9,4x optik zumni ta’minlaydi. Bu esa portret va uzoqdan suratga olishda katta imkoniyat yaratadi. Pura 80 Pro modelida ham 1 dyuymli sensor bor, u RYYB texnologiyasida ishlaydi. Kamera diafragmasi f/1.6 dan f/4.0 gacha avtomatik sozlanadi. Bu kam yorug‘likda sifatli suratlar olishga yordam beradi.

Yangi seriyada Live Photo funksiyasi yangilangan. Kamera tugmasi bosilishidan oldin va keyin 1,5 soniya ichidagi harakat yozib olinadi. Suratga sun’iy intellekt yordamida ko‘p ekspozitsiya yoki uzoq ekspozitsiya effektlari qo‘shish mumkin. Kamera algoritmlari suratlarni kuchli zum va past yorug‘likda ham tiniq saqlashga imkon beradi. Ranglar esa maksimal darajada tabiiy chiqadi. Huawei XMAGE texnologiyasi suratlarni suratga olish jarayonidanoq stilizatsiya qilish imkonini beradi.

Foto: Huawei

Ekran o‘lchami 6,8 dyuym, OLED texnologiyasida ishlab chiqilgan. Uning aniqligi 2848×1276 pikselni tashkil qiladi. Yangilanish tezligi 1 dan 120 Hz’gacha, yorqinligi esa 3000 nitgacha yetadi. Shuningdek, ekran 1440 Hz chastotali PWM yoritish bilan jihozlangan bo‘lib, ko‘zni kamroq charchatadi. Audio tizim ikki dinamikka ega, ularning har biri kuchli va tiniq ovoz beradi. Qurilmalarda smart tugma ham mavjud bo‘lib, u orqali kamerani yoki eslatmalarni tezda ochish mumkin. Shu tugmaga barmoq izi skaneri ham o‘rnatilgan.

Sun’iy intellekt ovozli suhbatlarda asosiy gapiruvchini aniqlaydi va fon shovqinlarini bostiradi. Qurilmalar 5170 mA/soat sig‘imdagi akkumulyator bilan ta’minlangan. Ular 100 Vt simli va 80 Vt simsiz tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Huawei Pura 80 seriyasi yaqin kunlarda xalqaro bozorda sotuvga chiqariladi.

Avvalroq Huawei Maimang 40 smartfoni sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.