Gadjetlar

OnePlus Ace 6T smartfoni qanday imkoniyatlar bilan taqdim etiladi

Ace 6T eng kuchli flagmanlar qatoriga kiradi
Foto: OnePlus

OnePlus vakillari yangi OnePlus Ace 6T smartfoni haqida rasmiy ma’lumot berdi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda.

Kompaniya prezidenti Li Tse qurilma ColorOS 16 bilan chiqishini va to‘rt yil davomida Android tizimining yirik yangilanishlaridan uchtasini olishini aytgan.

Ace 6T eng kuchli flagmanlar qatoriga kiradi. Smartfon Snapdragon 8 Gen 5 protsessori asosida ishlaydi. Akkumulyator sig‘imi 8000 mA/soatdan yuqori. Ekran esa 165 Hz yangilanish chastotasiga ega. Yangi Glacier Cooling System sovutish tizimi qurilmaning yuklama paytidagi barqarorligini oshiradi.

Model metall ramka, 100 vattli tezkor zaryadlash, IP69K himoya darajasi va ultratovushli ekran osti skaneri bilan jihozlangan. OnePlus’ning aytishicha, Ace 6T bir nechta mobil o‘yinlarda 165 Hz rejimini qo‘llab-quvvatlay oladigan bozordagi birinchi smartfon bo‘ladi. Ular orasida Peacekeeper Elite, Delta Force, Call of Duty Mobile, CrossFire: Mobile va Dark Zone bor.

OnePlus Ace 6T Genshin Impact o‘yinidagi Ayaka Kamisato obraziga bag‘ishlangan maxsus versiyada ham chiqariladi. Bu nashr cheklangan tirajda bo‘ladi va qo‘shimcha partiyalar chiqarilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan OnePlus Tablet 2 plansheti taqdim etilgani haqida yozgan edi.