Yangiliklar

Oilalar Ijtimoiy reyestrga toifalarga ajratilgan holda kiritiladi

Toifalar oila daromadiga qarab aniqlanadi
O‘zbekistonda yagona ijtimoiy reyestr joriy etiladi
Oilalar Ijtimoiy reyestrga toifalarga ajratilgan holda kiritiladi / Foto: Live journal

O‘zbekistonda oilalarni Ijtimoiy reestrga kiritish tartibi rasmiy ravishda belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Ariza beruvchi o‘z oilasini reestrga kiritish uchun davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organ orqali, shuningdek, ijtimoiy xodim yordamida murojaat qilishi mumkin. Shu bilan birga, «YAMIH» AT, YAIDXP yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali mustaqil ariza berish imkoniyati mavjud. Har bir oila oyiga bir marta ariza topshiradi.

Dastlab oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati baholanadi. Baholash natijasiga ko‘ra, ariza beruvchining oilasini «davlat ta’minotidagi oila» yoki «kambag‘al oila» deb belgilashni rad etish uchun asoslar aniqlanmasa, ariza ijtimoiy xodimning shaxsiy kabinetiga savolnoma to‘ldirish uchun yuboriladi. Ariza beruvchi tasdiqlagan savolnoma avtomatik tarzda «mahalla yettiligi»ga yo‘naltiriladi.

«Mahalla yettiligi» tomonidan xulosa tasdiqlangandan so‘ng, «YAMIH» AT 3 ish kuni ichida oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yakuniy baholashdan o‘tkazadi. Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik jami o‘rtacha daromad oxirgi 3 oy daromadlari summasining oila a’zolari soniga va 3 ga bo‘linishi orqali aniqlanadi.

Oila reyestrga kiritilgach, «davlat ta’minotidagi oila» har 12 oyda, «kambag‘al oila» esa har 6 oyda savolnomani qayta to‘ldirib boradi. Oilalar reestrga «davlat ta’minotidagi oila», «kambag‘al oila» va «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifalariga ajratilgan holda kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bolalar nafaqasi va moddiy yordam avtomatik tarzda to‘lanishi haqida xabar bergan edik.