
Sony kompaniyasi o‘zining flagman liniyasidagi yangi model WF-1000XM6 simsiz quloqchinlarini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Dealabs ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, taqdimot 12-fevralga rejalashtirilgan. Modelning Yevropadagi narxi 300 yevroni, AQShdagi esa $330 ni tashkil qiladi.
Quloqchinlar biroz yangilangan dizayn bilan taqdim etiladi, ammo futlyar butunlay boshqacha, ancha burchakli ko‘rinishga ega bo‘ladi. Qurilmada QN3e audio protsessori o‘rnatiladi va hozirgi avloddagi olti mikrofon o‘rniga sakkiz mikrofon ishlatiladi. Shuningdek, ovoz chiqaruvchilar ham yangilanadi va DAC (raqamli-analog konvertor) yaxshilanishi kutilmoqda.
Yangi model 360 Reality Audio funksiyasini, bosh holatini kuzatish bilan ishlaydigan yanada aqlli Ambient Modeni uchta avtomatik profil bilan va LE Audio hamda Auracast bilan keng integratsiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Ekvalayzer esa 10 bantgacha kengaytiriladi. Avtonom ishlash muddati 8 soatni tashkil qiladi, qo‘shimcha 16 soat esa futlyar tomonidan ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq HyperOS 3.1 beta-versiyasida AirPods qo‘llab-quvvatlanishi haqida xabar bergan edik.