Gadjetlar

iPhone 18 Pro kamerasi o‘zgarishi mumkin

Apple ilk bor iPhone’da o‘zgaruvchan diafragma (variable aperture) texnologiyasini joriy etishi kutilmoqda
iPhone 18 Pro qanday kamera bilan chiqadi
Ekran tasviri Aptenod / YouTube

iPhone 18 Pro kamerasi jiddiy yangilanishga ega bo‘lishi mumkin. Tom’s Guide ma’lumotlariga qaraganda, Apple ilk bor iPhone’da o‘zgaruvchan diafragma (variable aperture) texnologiyasini joriy etishni rejalashtirmoqda.

Bu yangilik ayniqsa suratga olishni yoqtiradigan foydalanuvchilar uchun muhim bo‘lishi mumkin. Digital Chat Station Apple ikki katta kamera yangilanishi ustida ishlayotganini aytdi. Bular asosiy kamerada o‘zgaruvchan diafragma va telefoto kamerada keng diafragma. Qaysi modellarga tegishli ekani aniq aytilmagan bo‘lsa-da, boshqa manbalar bu imkoniyatlar iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max’da paydo bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Ekran tasviri

Oldinroq tahlilchi Ming-Chi Kuo ham Apple iPhone 18 seriyasida o‘zgaruvchan diafragma ustida ishlayotganini bildirgan edi. 2025-yil oxirida esa koreys manbalari bu texnologiya faqat Pro modellarga joriy etilishini va Apple zarur ehtiyot qismlar bo‘yicha yetkazib beruvchilar bilan muzokara olib borayotganini yozgan.

O‘zgaruvchan diafragma nima beradi

Bu texnologiya kameraga tushayotgan yorug‘lik miqdorini avtomatik boshqarish imkonini beradi. Qorong‘i joyda diafragma keng ochilib, ko‘proq yorug‘lik oladi, yorug‘ muhitda esa torayadi. Natijada suratlar yanada tiniq va sifatli chiqadi.

Bunday texnologiya odatda professional fotoapparatlarda uchraydi. Smartfonlarda esa kam qo‘llaniladi. Ba’zi Android modellarda ikki xil diafragma rejimi bor, ammo iPhone’larda hozircha diafragma doimiy bo‘lib kelgan.

Ammo Apple bu borada yolg‘iz emas. Xabarlarga ko‘ra, Samsung ham Galaxy S26 Ultra modeli uchun shunga o‘xshash kamera ustida ishlamoqda. Qiziq tomoni shundaki, Samsung bu texnologiyani oldinroq Galaxy S9 va S10’da sinab ko‘rgan, ammo keyinroq undan voz kechgan edi.

Hozircha bu ma’lumotlar tasdiqlanmagan. Apple an’anaviy ravishda yangiliklarni oxirgi daqiqagacha sir saqlaydi. iPhone 18 Pro seriyasi sentabr oyida taqdim etilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S25 Ultra video olishda 25 karra zumni qo‘llab-quvvatlashi haqida xabar qilingandi. One UI 8.5 yangilanishi bilan video suratga olish vaqtida maksimal zum darajasi hozirgi 20 karra ko‘rsatkichdan 25 karragacha oshiriladi.