
Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvi sababli fuqarolarga xorij safarlarini vaqtincha kechiktirishni tavsiya qilmoqda. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Havo hududlaridan foydalanishdagi cheklovlar va xalqaro aviaqatnovlardagi o‘zgarishlar sababli sayohatlar va tranzit yo‘nalishlarida qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida TIV quyidagilarni tavsiya qilmoqda:
- Yaqin Sharq yo‘nalishida rejalashtirilgan ziyorat, biznes, dam olish va boshqa turdagi safarlarni vaziyat barqarorlashguniga qadar kechiktirish;
- Chet elda bo‘lgan fuqarolar hushyorlikni saqlash, gavjum joylardan cheklanish, mahalliy qonun va qoidalarga qat’iy rioya qilish;
- O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsulliklari bilan doimiy aloqada bo‘lish;
- Safarlarni rejalashtirishda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish va rasmiy manbalar orqali berilayotgan ogohlantirishlarga amal qilish.
Avvalroq «Kursiv» nashri Isroildagi o‘zbekistonliklarga vaqtincha davlatdan chiqib ketish tavsiya qilingani haqida yozgandi.