
Volkswagen yangilangan elektr xetchbek — Volkswagen ID.3 Neo modelini rasman namoyish qildi. U avvalgi ID.3 modelining yangilangan va takomillashtirilgan davomchisi hisoblanadi.
Yangi avtomobil tashqi ko‘rinishda Pure Positive dizayn uslubida ishlab chiqilgan. Old qismi to‘liq qayta ishlangan, yangi faralar va yoritiluvchi logotip qo‘shilgan. Kuzov elementlari, jumladan tom, spoyler va bagaj qopqog‘i endi avtomobil rangida bo‘yalgan.
Salon ham sezilarli darajada yangilangan. Unda yangi multirul, 10,25 dyuymli raqamli panel va 12,9 dyuymli markaziy sensor displey o‘rnatilgan.
Texnik jihatdan model bir nechta variantda taklif etiladi. Asosiy versiya 170 ot kuchiga ega dvigatel va 50 kVt·soat batareya bilan jihozlangan. Kuchliroq modifikatsiyalar esa 190 va 231 ot kuchiga ega bo‘lib, 58 va 79 kVt·soatli akkumulyatorlar bilan taqdim etiladi.
Yangi modelning maksimal yurish masofasi WLTP standartiga ko‘ra 630 kilometrgacha yetadi.
Yevropada oldindan buyurtmalar 16-apreldan boshlanadi, mijozlarga yetkazib berish esa iyul oyidan yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Volkswagen ID.Aura elektromobili sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.