FIDE Circuit: Nodirbek Abdusattorov yetakchilikni saqlab qoldi

29-aprel 2026 17:44 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: Nodirbekchess.com

FIDE Circuit 2026 – 2027 reytingida mart oyidan beri klassik shaxmat o‘ynamagan bo‘lishiga qaramay, o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov umumiy hisobda yetakchilikni saqlab qolmoqda. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xabar berdi.

Yana bir o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov Kiprdagi Nomzodlar turnirda muvaffaqiyat qozonganidan so‘ng o‘z pozitsiyasini sezilarli darajada yaxshilab oldi. U hozirda peshqadamdan atigi 2,75 ochkoga ortda qolmoqda.

Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

FIDE Nomzodlar turniridagi yuqori natijalari evaziga Anish Giri, Fabiano Karuana va Ve I kabi grossmeysterlar reytingning Top – 10 taligiga kiritildi. FIDE Circuit yil davomida eng yaxshi natija qayd etgan shaxmatchilarni aniqlaydigan va Jahon chempionligi uchun da’vogarlar turniriga muhim yo‘llanma beruvchi tizim hisoblanadi.

Haqli savol tug‘ilishi mumkin: nima uchun Magnus Karlsen, Gukesh yoki Praggnanandha kabi yulduzlar ushbu reyting peshqadamlari qatorida yo‘q? Buning sababi shundaki, FIDE Circuit shaxmatchining umumiy mahoratini emas, balki faqatgina Nomzodlar turniriga yo‘llanma beruvchi maxsus musobaqalardagi faolligini baholaydi.

Magnus Karlsen Jahon chempionligi siklida qatnashishdan o‘z xohishi bilan voz kechgan bo‘lsa, Gukesh kabi shaxmatchilar allaqachon chempionlik tizimida o‘z o‘rniga ega bo‘lgani uchun bu yo‘llanmaga ehtiyoj sezmaydi. Boshqa qator top-shaxmatchilarning ro‘yxatda yuqori emasligi esa ularning joriy mavsumda ochko beruvchi turnirlarda hozircha kamroq ishtirok etgani bilan izohlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nodirbek Abdusattorov Prague International Chess Festival 2026 turnirining g‘olibi bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek