
OpenAI smartfon bozorini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yangi qurilma ustida ishlamoqda. Tahlilchi Min-Chi Kuoga ko‘ra, kompaniya MediaTek va Qualcomm bilan birga maxsus protsessorlar ishlab chiqmoqda.
Qurilma ishlab chiqarishida Luxshare asosiy hamkor bo‘lishi kutilmoqda. Ommaviy ishlab chiqarish 2028-yilda boshlanishi rejalashtirilgan.
Yangi smartfon konsepsiyasi ilovalarga emas, balki foydalanuvchining vazifalarini bajarishga qaratiladi. AI agent foydalanuvchi ehtiyojlarini tushunib, ko‘plab ishlarni mustaqil bajaradi. Bu esa smartfonlardan foydalanish uslubini tubdan o‘zgartirishi mumkin.
OpenAI bunday qurilma yaratish orqali dasturiy ta’minot va apparat qismini to‘liq nazorat qilishni maqsad qilgan. Smartfon foydalanuvchining kundalik holati haqida eng ko‘p ma’lumot beruvchi qurilma bo‘lgani uchun AI agentlar uchun muhim platforma hisoblanadi.
Qurilmada sun’iy intellekt ikki bosqichda ishlaydi. Oddiy vazifalar telefonning o‘zida bajariladi. Murakkab hisob-kitoblar esa bulut orqali amalga oshiriladi.
Mutaxassislar fikricha, bu loyiha yangi AI ekotizimini yaratishi mumkin. Kelajakda smartfonlar uchun obuna asosidagi xizmatlar ham kengayishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xotira chiplari sabab smartfonlar narxi oshishi 2028-yilgacha davom etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Counterpoint Research hisobotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida global smartfon protsessorlari yetkazib berish hajmi 8 foizga kamaydi.
Tahlilchilar bunga asosiy sabab sifatida xotira tanqisligini ko‘rsatmoqda. Bu holat ishlab chiqaruvchilarni yangi mahsulotlarni kechiktirishga va xarajatlarni kamaytirishga majbur qilmoqda.