
Xiaomi kompaniyasining yangi YU7 GT sport krossoveri Xitoy ko‘chalarida sinov vaqtida ko‘rindi. CarNewsChina’ga ko‘ra, model may oyining oxirida rasman taqdim etilishi kutilmoqda.
Avtomobil Cherry Red rangida paydo bo‘ldi. Yangi model yuqori tezlik va uzoq safarlar uchun qulaylikni birlashtirgan GT krossover sifatida taklif qilinayotir.
YU7 GT aerodinamik dizaynga ega bo‘ladi. Kuzovda 10 ta havo kanali, katta orqa diffuzor va spoyler mavjud. Spoyler markazida haydovchiga yordam beruvchi sensorlar joylashishi mumkin.
Krossover 21 dyuymli disklar va qizil tormoz kaliperlari bilan jihozlangan. Shuningdek, karbon-keramik tormoz tizimi ham bo‘lishi kutilmoqda.
Modelning uzunligi 5015 mm, eni 2007 mm, balandligi 1597 mmni tashkil qiladi. G‘ildirak bazasi esa 3000 mm.

Xiaomi YU7 GT ikki motorli tizim bilan ishlaydi. Old motor 386 ot kuchi, orqa motor esa 604 ot kuchi ishlab chiqaradi. Umumiy quvvat 990 ot kuchiga yetadi.
Avtomobilning maksimal tezligi 300 km/soatni tashkil qiladi. 101,7 kVt/soat sig‘imli batareya bir quvvatda 705 km masofa bosib o‘tishni ta’minlaydi.
YU7 GT pnevmatik osma, orqa o‘q momentini boshqarish tizimi va Brembo tormozlari bilan ham jihozlanadi.
Xaridorlar faralar, oynalar, spoyler, disk va tormoz kaliperlari rangini tanlashi mumkin bo‘ladi.
Xiaomi YU7 modeli ilk bor o‘tgan yil iyunda taqdim etilgan edi. Kompaniya qisqa muddatda 200 mingta buyurtma olgan. Modelning eng yuqori oylik savdosi o‘tgan yil dekabrida 39 mingdan oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi SU7 uchun buyurtmalar 80 mingdan oshgani xabar qilingandi. CarNewsChina’ga ko‘ra, savdo boshlanganidan 48 kun o‘tib, model uchun tasdiqlangan buyurtmalar soni 80 mingdan oshdi.
So‘nggi to‘rt kun ichida yana 10 mingdan ortiq buyurtmalar qabul qilingan. Odatda yangi avtomobillarda ilk qiziqishdan keyin talab pasayadi. Biroq SU7’da aksincha, xaridorlar soni oshishda davom etmoqda.