Fan

«O‘tkan kunlar» tarjimasidan noqonuniy foydalangan xodim 20,6 mln so‘m jarima tortildi

14-may 2026 17:00 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media

Amerikalik tarjimon va sharqshunos olim Mark Reese mualliflik huquqi buzilgani bo‘yicha sudda g‘alaba qozondi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) mas’ul xodimidan Reese foydasiga 20 million 600 ming so‘m miqdorida tovon undiriladi, deya xabar berdi Intellektual mulk agentligi.

Ma’lum qilinishicha, Mark Reese joriy yil aprel oyida sudga da’vo arizasi kiritib, uning 15 yil davomida ingliz tiliga tarjima qilgan O‘tkan kunlar asari (Bygone Days) ruxsatsiz elektron shaklda tarqatilganini bildirgan.

Sud qaroriga asosan, universitet mas’ul xodimidan da’vogar foydasiga BHMning 50 baravari — 20,6 mln so‘m miqdorida kompensatsiya undirilishi belgilandi.

Avvalroq holat yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan edi. Tekshiruv davomida asarning elektron nusxasi unilibrary.uz platformasida ruxsatsiz joylashtirilgani aniqlanib, universitet mas’ul xodimiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Sudning avvalgi qaroriga ko‘ra, mas’ul xodim 2 million 60 ming so‘m jarimaga tortilgan hamda asarning elektron nusxasini platformadan o‘chirish majburiyati yuklatilgan.

Qonunchilikka muvofiq, muallif huquqi buzilgan hollarda muallif zarar qoplanishi o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon talab qilish huquqiga ega.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iste’dodli mualliflarga yil davomida BHMning 50 baravaridagi oylik to‘lanishi haqida yozgandi.

Shuningdek