Yangiliklar

Non narxi olti yilda 80 foizga oshdi: sabablar nima

Oliy navli non narxi esa 55,9 foizga oshgan
Non narxi olti yilda 79,4 foizga oshdi
Foto: depositphotos

2020–2026-yilning mart oyiga qadar birinchi navli undan tayyorlangan non narxi 79,4 foizga, oliy navli non narxi esa 55,9 foizga oshdi. Markaziy bank tahliliga ko‘ra, ushbu o‘sishning asosiy qismi 2022-yilgi erkinlashtirish natijasida narxlarning bozor sharoitiga moslashuvi bilan izohlanadi.

Un va bug‘doy narxlari ham qimmatlashgan

Tahlilda qayd etilishicha, 2022-yilgacha qolipli non narxlari davlat tomonidan tartibga solib kelingani sabab narxlar keskin oshmagan. 2022-yil iyun oyida birinchi navli un va qolipli non narxlari erkinlashtirilgach, yil oxirigacha ushbu mahsulotlar narxi 54,8 foizga oshgan. Bu avval sun’iy ushlab turilgan narxlarning bozor sharoitiga moslashgani bilan izohlangan.

Shuningdek, 2020–2021-yillarda jahon bozorida bug‘doy va un qimmatlashgan bo‘lsa ham, oliy navli non narxi ichki bozorda nisbatan barqaror qolgan. Ammo 2022-yilda erkinlashtirishdan keyin oliy navli non narxi ham 25,8 foizga oshgan.

Shu davrda birinchi va oliy navli un narxlari o‘rtacha 30,4 foizga ko‘tarilgan. Natijada birinchi navli un narxi 6,8 ming so‘mga, oliy navli un esa 8,9 ming so‘mga yetgan.

2023–2026-yillarda esa jahon bozorida bug‘doy va un narxlari pasaya boshlagan. Bu O‘zbekistonda ham un va non narxlarining nisbatan barqaror shakllanishiga yordam bergan.

O‘zbekiston bug‘doy importiga qaram bo‘lib qolmoqda

O‘zbekiston bug‘doy va un importida asosan Qozog‘istonga bog‘lanib qolmoqda. Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022–2025-yillarda bug‘doy importining 99,5 foizi, un importining esa 93,9 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2025-yilda O‘zbekiston 3,9 mln tonna bug‘doy import qilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan oshgan. Shu bilan birga, un importi 422,6 ming tonnani tashkil etgan.

Joriy yilning martigacha mamlakatga 1,5 mln tonna bug‘doy va 97,1 ming tonna un olib kirilgan. Bug‘doy importi bir yil oldingiga nisbatan 59,9 foizga oshgan, un importi esa 15,3 foizga kamaygan.

Markaziy bank buning asosiy sabablari sifatida aholi soni o‘sishi, yem-xashakka talab ortishi va yuqori sifatli un ishlab chiqarish uchun import bug‘doyiga ehtiyoj saqlanib qolayotganini ko‘rsatgan. Shuningdek, O‘zbekiston qayta ishlangan mahsulot eksportini ham oshirmoqda. 2025-yilda un eksporti 1,6 mln tonnaga yetgan.

Suv taqchilligi va o‘g‘it narxlari xavf tug‘dirmoqda

Tahlilga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi va Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanali sabab Amudaryodan O‘zbekistonga keladigan suv hajmi 2030-yilgacha 29 foizgacha kamayishi mumkin. Bu esa bug‘doy hosili va ichki narxlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimolini oshiradi.

Shuningdek, O‘zbekistonda bug‘doy hosildorligi rivojlangan davlatlarga qaraganda pastligicha qolmoqda. Zamonaviy sug‘orish va raqamli texnologiyalar yetarli darajada joriy etilmagani ham tannarxni oshirmoqda.

Markaziy bank Qozog‘istonga yuqori bog‘liqlik ham xavf tug‘dirayotganini qayd etdi. Bug‘doy importining 99,5 foizi va un importining 93,9 foizi aynan shu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik sabab mineral o‘g‘itlar va karbamid narxi keskin oshgan. Tahlilchilarga ko‘ra, bu holat 2026-yilda un va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxiga qo‘shimcha bosim qilishi mumkin.

Markaziy bank nimani taklif qiladi

Regulyator xalqaro standartlarga mos urug‘chilik tizimini joriy etish, yuqori hosilli navlarni ko‘paytirish va xususiy seleksiyani qo‘llab-quvvatlashni tavsiya qilmoqda. Bu hosildorlikni 5–10 foizga oshirishi mumkinligi qayd etilgan.

Shuningdek, tomchilatib sug‘orish, no-till texnologiyasi, GPS, dron va sensorlardan foydalanishni kengaytirish taklif etilgan. Markaziy bank hisobicha, bu xarajatlarni kamaytirib, hosildorlikni oshiradi.

Hisobotda Qozog‘istonga yuqori bog‘liqlikni kamaytirish uchun boshqa davlatlardan ham bug‘doy importini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, ichki bozorda strategik bug‘doy va un zaxiralarini ko‘paytirish tavsiya etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ilk bor dronlar yordamida sholi ekilgani xabar qilingandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida sholi yetishtirishning intensiv texnologiyalariga bag‘ishlangan dala seminari o‘tkazildi.

Tadbirda yuk ko‘tarish quvvati 100 kilogrammdan yuqori bo‘lgan zamonaviy dronlar respublikaga olib kirilib, sholichilikda keng qo‘llanilishi ma’lum qilindi.