O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi raqibi Ebola tufayli mashg‘ulotlarini bekor qildi

21-may 2026 16:01 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: Stringer / Anadolu via Getty Images

O‘zbekistonning jahon chempionati guruh bosqichidagi raqibi Kongo milliy jamoasi ebola xavfi tufayli mamlakat ichidagi tayyorgarlik yig‘ini va muxlislar bilan xayrlashuv marosimini bekor qildi. Bu haqda ESPN xabar berdi.

Kongo Respublikasi sharqida ebola virusining kam uchraydigan Bundibugyo turi tarqalishi sababli jamoaning poytaxt Kinshasadagi uch kunlik tayyorgarligi bekor qilingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mazkur holatni xalqaro miqyosdagi jamoat salomatligi uchun favqulodda vaziyat deb e’lon qildi.

Foto: Mikozi

Ushbu kasallik oqibatida 130 dan ortiq odam halok bo‘lgani va qariyb 600 nafar shubhali holat kuzatilgani taxmin qilinmoqda. Jamoa vakili Jerri Kalemoning ta’kidlashicha, Kinshasadagi yig‘in bekor qilingan bo‘lsa-da, Belgiyaning Lyej shahrida 3-iyun kuni Daniyaga va Ispaniya janubida 9-iyun kuni Chiliga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari reja bo‘yicha bo‘lib o‘tadi.

Kongoning yig‘ini 11-iyundan AQShning Hyuston shahrida davom etadi. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) so‘nggi uch hafta ichida Kongo, Uganda va Janubiy Sudanda bo‘lgan barcha xorijiy fuqarolarning mamlakatga kirishini 30 kunga taqiqlaganini ma’lum qildi.

Biroq, AQSh rasmiysining aytishicha, Kongo terma jamoasi so‘nggi haftalarda Yevropada mashg‘ulot o‘tkazgani sababli, 21 kunlik davr ichida Kongoga qaytmagan a’zolar bu taqiqqa tushmaydi. Kongoga qaytgan delegatsiya a’zolari esa karantin talablariga bo‘ysunadi.

Ma’lumot uchun, Meksikadagi pley-off turnirida g‘alaba qozonib, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan Kongo «K» guruhidan joy olgan. Ular 17-iyun kuni Hyustonda Portugaliyaga, 23-iyun kuni Gvadalaxarada Kolumbiyaga va nihoyat, 27-iyun kuni Atlantada guruhdagi so‘nggi o‘yinida O‘zbekistonga qarshi maydonga tushadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kongo Demokratik Respublikasida Ebola qurbonlari soni 131 kishiga yetgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek