
Changan kompaniyasi Xitoy bozorida Changan Eado HEV gibrid sedanini taqdim etdi. Model Blue Whale Super Engine Version nomi bilan sotuvga chiqarildi, deya xabar bermoqda Autohome.
Avtomobil uchta komplektatsiyada taklif etiladi. Narxlar 80 ming yuandan ($11 ming) 90 ming yuangacha ($13 ming) belgilangan. Eado HEV tashqi ko‘rinishi bo‘yicha benzinli versiyadan deyarli farq qilmaydi. Sedan uzunligi 4785 mm, eni 1840 mm va balandligi 1460 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2765 mmga teng.

Salonda 10,25 dyuymli raqamli priborlar paneli mavjud. Shuningdek, 14,6 dyuymli multimedia ekrani o‘rnatilgan. Tizim TianShu OS operatsion qobig‘i asosida ishlaydi. Mediatizimga DeepSeek sun’iy intellekti integratsiya qilingan. Bu haydovchi va yo‘lovchilar uchun aqlli boshqaruv imkoniyatlarini kengaytiradi.
8 dinamikli audiotizim, 256 rangli salon yoritgichi va panoramali tom ham bor. Old o‘rindiqlar isitish va shamollatish funksiyalariga ega. Bu modelni budjet segmentida nisbatan boy jihozlangan sedanlardan biriga aylantiradi.
Changan Eado HEV 1,5 litrli benzin dvigateli asosidagi gibrid tizim bilan jihozlangan. Ichki yonuv dvigateli 98 ot kuchi ishlab chiqaradi. Elektromotor quvvati esa 218 ot kuchiga teng. Avtomobilda 1,7 kVt soat sig‘imli tortuvchi batareya qo‘llangan. Transmissiya sifatida bir pog‘onali DHT gibrid uzatmalar qutisi ishlatiladi.
Avvalroq Changan CS75 Plus HEV oldindan sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.