
Chevrolet 2027-yilgi Blazer EV modeliga bir qator tashqi dizayn o‘zgarishlarini kiritadi. GM Authority’ga ko‘ra, yangi modelni ishlab chiqarish 2026-yil 27-iyulda boshlanishi rejalashtirilgan.
Blazer EV LT versiyasida kuzov rangidagi yon ko‘zgular o‘rniga qora, bo‘yalmagan ko‘zgular qo‘llanadi. RS va SS versiyalarida esa yaltiroq qora ko‘zgular saqlanib qoladi.
LT versiyasida Comfort and Convenience Package tanlansa, tom reykalari endi satin alyuminiy emas, yaltiroq qora rangda bo‘ladi.

Barcha versiyalarda shark-fin antennasi kuzov rangidan yaltiroq qora rangga o‘zgartiriladi.
Blazer EV SS esa yangi 22 dyuymli yaltiroq qora alyuminiy disklar bilan jihozlanadi.
Ranglar qatorida ham o‘zgarish bor. Galaxy Gray Metallic rangi o‘rniga White Sands nomli och bej rang taklif etiladi.
2027-yilgi Chevy Blazer EV LT va RS versiyalari old yoki to‘liq uzatma bilan sotiladi. SS versiyasi esa standart ravishda to‘liq uzatmali bo‘ladi.

LT va RS 85 kVt/soat batareya bilan, SS esa 102 kVt/soat batareya bilan jihozlanadi. Model Meksikadagi GM Ramos Arizpe zavodida yig‘iladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Blazer 2026 avtomobili turli yo‘l sharoitlari uchun bir nechta haydash rejimiga ega bo‘lgani xabar qilingandi. Rejimlar markaziy konsoldagi Driver Mode Control tugmasi orqali tanlanadi. Haydovchi shahar yo‘llari, sirpanchiq qoplama, qorli yo‘l, yuk tortish yoki notekis hududlar uchun mos sozlamani tanlashi mumkin. Tour rejimi kundalik harakat uchun mo‘ljallangan.