
Sobiq Nio va GWM dizayneri Aleksey Semyonov Ferrari Luce elektromobili dizaynini tanqid qildi. Uning fikricha, yangi model Ferrari uchun katta imkoniyat bo‘lgan, biroq bu imkoniyat to‘liq ishlatilmagan.
Semyonov Myunxenda faoliyat yurituvchi avtomobil dizayneri hisoblanadi. U avval Subaru, Fiat Professional, Nio, GWM va Fisker kabi brendlar bilan ishlagan. Mutaxassis Fiat 500 Electric, ikkinchi avlod Nio ES6, GWM Tank 700 konsepti, Fisker Ronin va Fisker Pier kabi loyihalarda ishtirok etgan.

Dizayner CarNewsChina nashriga bergan izohida Ferrari Luce tashqi ko‘rinishidagi asosiy muammolarni sanab o‘tdi. Uning aytishicha, avtomobil sanoat dizayni va avtomobil dizayni o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rsatadi.
Semyonov fikricha, Luce tashqi proporsiya jihatidan qisqa, tor va baland ko‘rinadi. Bunday nisbat avtomobil estetikasi uchun murakkab hisoblanadi. Dizaynerga ko‘ra, model hajm va shakllar muvozanatini yetarlicha hal qila olmagan.


U ayniqsa g‘ildirak dizaynini bahsli deb atadi. Ferrari Luce 23 dyuymli old va 24 dyuymli orqa g‘ildiraklar bilan jihozlangan. Biroq ularning vizual ko‘rinishi avtomobil tanasiga nisbatan kichik seziladi.
Avvalroq «Kursiv» qaysi Chevrolet avtomobillarini onlayn xarid qilish mumkinligi haqida yozgan edi.