
Yoz oylarida avtomobil dvigateli juda ko‘p qizib ketadi. Avtoe’lon portali e’lon qilgan maqolada muammonining sabablari va yechimlari haqida batafsil so‘z boradi.
Mundarija:
- Nega dvigatel yozda ko‘proq qiziydi?
- Dvigatel qiziyotganini qanday bilish mumkin?
- Dvigatel qizib ketsa birinchi navbatda nima qilish kerak?
- Eng xavfli xatolar nimalardan iborat?
- Dvigatel sovigandan keyin nimalarni tekshirish kerak?
- Bir marta qizish ham jiddiy oqibat keltirishi mumkin
Nega dvigatel yozda ko‘proq qiziydi?

Dvigatel ishlaganda doimiy ravishda issiqlik hosil qiladi. Sovitish tizimi esa bu issiqlikni me’yorida ushlab turishi kerak. Ammo yozda tashqi harorat yuqori bo‘ladi. Tirbandlikda avtomobil sekin harakatlanadi yoki joyida turib qoladi. Bunday paytda radiatorga yetarlicha havo kelmaydi.
Konditsioner yoqilganda esa dvigatelga qo‘shimcha yuk tushadi. Shu sababli issiq kunlarda sovitish tizimi odatdagidan ko‘proq ishlaydi. Agar radiator ifloslangan, antifriz kam yoki ventilyator nosoz bo‘lsa, motor tezda qizib ketishi mumkin.
O‘zbekistonda ommabop bo‘lgan Chevrolet Cobalt va Spark kabi ayrim avtomobillarda sovitish suyuqligi haroratini ko‘rsatadigan alohida strelka yo‘q. Haydovchi muammoni faqat qizil ogohlantirish chirog‘i yonganda sezishi mumkin. Bu esa ko‘pincha kech bo‘ladi.
Dvigatel qiziyotganini qanday bilish mumkin?

Harorat ko‘rsatkichi bo‘lmasa ham, avtomobil odatda qizish alomatlarini oldindan bildiradi. Dvigatel avvalgidek tortmay qoladi. Konditsioner sovutishi pasayadi. Kapot ostidan antifriz yoki yengil kuygan hid kelishi mumkin. Ba’zan ventilyator to‘xtovsiz ishlaydi.
Muammo kuchaysa, kapot ostidan bug‘ chiqadi. Dvigatel notekis ishlay boshlaydi. Ayrim hollarda motor «uchlab» qoladi. Eng xavfli belgi esa panelda qizil harorat indikatori yonishidir. Bu belgi paydo bo‘lsa, yo‘lni davom ettirish juda xavfli.
Dvigatel qizib ketsa birinchi navbatda nima qilish kerak?

Bunday vaziyatda eng katta xato yo‘lni davom ettirishdir. Ko‘pchilik «yana ozgina yurib olaman» deb o‘ylaydi. Ammo bir necha kilometr ham dvigatelga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Avvalo konditsionerni o‘chirish kerak. Keyin pechkani maksimal issiq rejimda yoqish foyda beradi. Bu noqulay bo‘lsa ham, pechka dvigateldagi ortiqcha issiqlikning bir qismini salonga chiqaradi. Natijada harorat biroz pasayishi mumkin.
Shundan so‘ng avtomobilni xavfsiz joyga olib chiqish zarur. Agar harorat endigina ko‘tarila boshlagan bo‘lsa va kapot ostidan bug‘ chiqmayotgan bo‘lsa, motorni darhol o‘chirmasdan biroz kutish mumkin. Ammo bug‘ chiqqan bo‘lsa yoki sovitish suyuqligi qaynayotgan bo‘lsa, dvigatelni o‘chirish kerak.
Eng xavfli xatolar nimalardan iborat?

Dvigatel qizib ketganda eng xavfli ish issiq paytda radiator qopqog‘ini ochishdir. Sovitish tizimida yuqori bosim bo‘ladi. Qopqoq ochilsa, qaynagan antifriz tashqariga otilib chiqishi mumkin. Bu esa jiddiy kuyishga sabab bo‘ladi.
Issiq dvigatel ustiga sovuq suv sepish ham mumkin emas. Shuningdek, qizib turgan tizimga birdan sovuq suv quyish ham xavfli. Haroratning keskin almashishi metall qismlarga zarar yetkazadi. Bunday holatda silindrlar bloki kallagi deformatsiyalanishi mumkin.
Qaynayotgan antifriz bilan yurishni davom ettirish ham dvigatel uchun juda xavfli. Bu prokladka kuyishi, moy va antifriz aralashib ketishi yoki motorning kapital ta’mirga tushishiga olib keladi.
Dvigatel sovigandan keyin nimalarni tekshirish kerak?

Motor to‘liq sovigandan keyin avvalo antifriz darajasini tekshirish lozim. Ba’zan antifriz qaynab chiqib ketgan bo‘ladi.
Keyingi muhim qism ventilyatordir. Cobalt va Spark avtomobillarida qizish muammosi ko‘pincha sovitish ventilyatori, rele yoki harorat datchigi bilan bog‘liq bo‘ladi. Ventilyator ishlamasa, ayniqsa tirbandlikda dvigatel tez qiziydi.
Radiator holatini ham ko‘rish kerak. Bahor va yoz oylarida radiator chang, paxta, hasharot va loy bilan to‘lib qoladi. Natijada havo erkin o‘tmaydi. Bu esa sovitish samaradorligini pasaytiradi.
Termostat ham muhim rol o‘ynaydi. Agar u qotib qolsa, antifriz tizim bo‘ylab to‘g‘ri aylanmaydi. Bunday vaziyatda yuqori patrubka issiq, pastki patrubka esa sovuq bo‘lib qolishi mumkin. Pompa eskirgan bo‘lsa, sovitish suyuqligi aylanishi sustlashadi. Ba’zan bu hushtak tovushi yoki antifriz sizishi bilan bilinadi.
Bir marta qizish ham jiddiy oqibat keltirishi mumkin

Ayrim haydovchilar «bir marta qizisa hech narsa bo‘lmaydi» deb o‘ylaydi. Ammo zamonaviy dvigatellar yuqori haroratga sezgir bo‘ladi. Ayniqsa, alyuminiy qismlar qizishga yomon bardosh beradi.
Qizish moy va antifriz aralashib ketishi ehtimoli bor. Dvigatel ichida bosim o‘zgaradi. Kompressiya pasayadi. Keyinchalik moy sarfi ortadi yoki motor notekis ishlay boshlaydi.
Chevrolet’ning O‘zbekistonda keng tarqalgan zamonaviy modellari ham qizishga befarq emas. Shu sababli harorat bo‘yicha ogohlantirishni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak.
Dvigatel zarar ko‘rganini qanday bilish mumkin?

Qizishdan keyin avtomobilni bir necha kun diqqat bilan kuzatish zarur. Agar chiqindi gazdan oq tutun chiqsa, bu sovitish suyuqligi yonish kamerasiga kirayotganidan darak berishi mumkin. Antifriz tashqi sizishsiz kamayib borayotgan bo‘lsa ham, bu xavfli belgi hisoblanadi.
Moy rangi «sutli qahva»ga o‘xshab qolsa, moy va antifriz aralashgan bo‘lishi mumkin. Dvigatel notekis ishlasa, silkinish paydo bo‘lsa yoki kengaytirish bachog‘ida pufakchalar ko‘rinsa, diagnostikaga borish kerak. Bachok ichida moyli parda paydo bo‘lishi ham yaxshi belgi emas.
Bunday holatlarda avtomobilni ishlatishda davom etish ta’mir narxini yanada oshiradi. Muammo boshida aniqlansa, ba’zan kichik ta’mir bilan cheklanish mumkin.
Yozda dvigatel qizib ketmasligi uchun nima qilish kerak?

Issiq mavsum boshlanishidan oldin sovitish tizimini tekshirtirish foydali. Radiatorlarni yuvish, antifriz darajasini ko‘rish va suyuqlik eskirgan bo‘lsa almashtirish kerak. Ventilyator ishlashi, patrubkalar holati va kengaytirish bachogi qopqog‘i ham tekshirilishi lozim.
Termostat va pompa arzon, ammo muhim qismlar hisoblanadi. Ularni vaqtida almashtirmaslik keyinchalik ancha qimmat ta’mirga olib kelishi mumkin. Sovitish tizimidagi kichik nosozlik yozning issiq kunida katta muammoga aylanadi.
Cobalt va Spark egalari orasida sovitish suyuqligi haroratini ko‘rsatadigan qo‘shimcha datchik o‘rnatish amaliyoti bor. Bu haydovchiga haroratni real vaqt rejimida ko‘rish imkonini beradi. Cobalt’da esa ayrim ustalar dasturiy sozlama orqali haroratni zavod panelida ko‘rsatib berishadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Qaysi Chevrolet avtomobillarini onlayn xarid qilish mumkinligi haqida yozgan edi.