Gadjetlar

Twitter asoschilaridan biri to‘lov uchun «sehrli tayoqcha» chiqardi

Mahsulot Z avlodi va yoshlar uchun mo‘ljallagan
Twitter asoschilaridan biri to‘lov uchun «sehrli tayoqcha» chiqardi
Foto: cash.app

Twitter asoschilaridan biri Jack Dorseyga tegishli Block kompaniyasi Cash App xizmati uchun noodatiy to‘lov qurilmasini taqdim etdi. Bu haqda Oninvest ma’lum qildi.

Yangi qurilma ichiga NFC chip o‘rnatilgan kichik «sehrli tayoqcha» ko‘rinishida ishlab chiqilgan. Uning yordamida do‘konlarda bank kartasi yoki smartfon kabi to‘lov qilish mumkin.

Kompaniya mahsulotni, asosan, Z avlodi va yoshlar uchun mo‘ljallagan. Qurilma Cash App’dagi debet hisobiga ulanadi va foydalanuvchilarga o‘z uslubini namoyish etish imkonini beradi.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, bu Block’ning noodatiy to‘lov gadjetlari qatoridagi ilk mahsuloti bo‘lishi mumkin. Kelajakda kompaniya chip o‘rnatilgan fitnes bilaguzuklari va kepkalarni ham chiqarishi mumkin.

G‘oya ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan videolardan ilhomlangan. So‘nggi oylarda foydalanuvchilar plastik tayoqcha yordamida to‘lov qilayotgan videolar millionlab tomosha yig‘gan.

Cash App so‘nggi paytlarda firibgarlikka qarshi himoya bilan bog‘liq tanqidlar va sud ishlari sabab qiyinchiliklarga duch kelgan. Shunga qaramay, 2026-yilning birinchi choragida xizmat foydasi o‘tgan yildagiga nisbatan 38 foizga oshgan.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Jack Dorsining boyligi hozirda $6,3 mlrdga baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda soliq organlari ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarda P2P, ya’ni plastik kartadan plastik kartaga o‘tkazilayotgan to‘lovlarni o‘rganishni boshlagani yuzasidan Kursiv Uzbekistan mavzu yuzasidan bir qator tadbirkorlar va iqtisodchilar fikrini o‘rgangandi.