
Chevrolet Cobalt O‘zbekistonda ham, ikkilamchi avtomobil bozorida ham eng ko‘p qidiriladigan budjet sedanlardan biri bo‘lib qolmoqda. 110 km nashri 2013-yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Cobalt’dan foydalanish tajribasi asosida modelning asosiy kamchiliklari va kuchli tomonlari haqida ma’lumot berdi.
Cobalt egalari duch keladigan bir holat — pechka motorchasining hushtak chalishi. Ayniqsa, sovuq mavsumda yoki salonda isitish tizimi faol ishlatilganda bunday ovoz haydovchi va yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘diradi. Nam havoda esa oynalarning tez-tez terlashishi kuzatiladi. Bu holat ko‘rish imkoniyatini pasaytirib, haydash xavfsizligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Modelning yana bir kamchiligi sifatida shovqin izolyatsiyasi zaifligi tilga olinadi. Ayniqsa, tikanli shinalardan foydalanilganda yo‘l shovqini salonga yaqqol eshitiladi. Yomg‘irdan keyin esa g‘ildiraklar ostidan sachrayotgan suv tovushi ham salonda sezilarli darajada eshitiladi. Bu jihatlar Cobalt’ning budjet sedan sifatidagi oddiy konstruksiyasi bilan bog‘liq.
Ehtiyot qismalardagi muammolar

100 ming km dan keyin avtomobil egasiga ayrim ehtiyot qismlarni almashtirish zarurati ham tug‘ilishi mumkin. Jumladan, stabilizator tortqilari, dvigatel tayanchlari, gupchaklar, gaykalar va tirsakli val salnigi eskirishi ehtimoli bor. Bundan tashqari, yuqori probegdagi Cobalt’da amortizator ustunlari, sharli tayanchlar, tormoz disklari, barabanlar va old oynani almashtirish zarur bo‘lishi mumkin.
Shunga qaramay, Chevrolet Cobalt amaliy va ishonchli avtomobil sifatidagi obro‘sini saqlab qolmoqda. Egalar modelni, avvalo, saloni kengligi uchun qadrlaydi. Orqa o‘rindiqlarda yo‘lovchilar uchun yetarli joy bor, yukxonasi esa oilaviy foydalanish, safar yoki kundalik xaridlar uchun qulay hisoblanadi.
Osma tizim

Cobalt’ning yumshoq osmasi yomonroq yo‘l sharoitlarida ham qulay yurishni ta’minlaydi. Aynan shu jihat modelni kundalik foydalanish uchun mos avtomobillardan biriga aylantirgan. Haydovchilar uni ta’miri oson, ehtiyot qismlari topilishi qiyin bo‘lmagan va xizmat ko‘rsatish xarajatlari nisbatan past avtomobil sifatida baholaydi.
Yana bir muhim ustunlik – tejamkorlik. Chevrolet Cobalt’ning o‘rtacha yonilg‘i sarfi 100 km uchun taxminan 6-7 litr atrofida bo‘lishi aytiladi. Bu ko‘rsatkich uni shahar sharoitida ham, uzoq masofalarga qatnovda ham iqtisodiy jihatdan maqbul variantga aylantiradi. Avtomobilga xizmat ko‘rsatish uchun murakkab yoki kamyob ehtiyot qismlar talab etilmasligi ham egalari uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Biroq Cobalt’da dinamika masalasi murosali jihatlardan biri bo‘lib qoladi. 1,5 litrli dvigatel kundalik harakatlanish uchun yetarli bo‘lsa-da, avtomobil to‘liq yuklangan paytda quvvat yetishmasligi seziladi. Yuqori tezliklarda esa barqarorlik biroz pasayadi, bu esa haydovchidan ehtiyotkorroq boshqaruvni talab qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobilining narxi O‘zbekiston va AQShda qanday farq qilishi haqida yozgan edi.