
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQSh va Meksikada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonlik muxlislarga muhim tavsiyalar berdi.
TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning ma’lum qilishicha, 2026-yil 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘tkaziladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa tarixda ilk bor ushbu musobaqada ishtirok etadi.
Vazirlik muxlislarga safar oldidan mezbon davlatlarning viza va migratsiya talablarini sinchiklab o‘rganish, barcha zarur hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish va ularning amal qilish muddatini tekshirishni tavsiya etdi.
Shuningdek, pasport va boshqa muhim hujjatlarning asl nusxalari bilan birga elektron hamda qog‘oz nusxalarini ham saqlash tavsiya qilindi.
TIV AQSh va Meksikada bo‘ladigan vatandoshlardan mahalliy qonunchilikka, huquq-tartibot organlari talablariga va jamoat tartibi qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘radi.
Bundan tashqari, harakatlanish marshrutlarini oldindan rejalashtirish, rasmiy transport va axborot xizmatlaridan foydalanish, gavjum joylarda ehtiyotkor bo‘lish hamda ruxsat etilmagan ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslik tavsiya qilindi.
Favqulodda holatlar yoki hujjatlar yo‘qolgan taqdirda mahalliy tezkor xizmatlarga va O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilish kerakligi eslatildi.
Vazirlik har bir muxlis xorijda nafaqat futbol ishqibozi, balki O‘zbekiston vakili sifatida ham mamlakat obro‘siga munosib hissa qo‘shishi muhimligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon chempionatida hakamlar qancha maosh olishi ma’lum qilingandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Jahon chempionatiga chaqirilgan bosh hakamlar turnirda nechta o‘yin boshqarishidan qat’i nazar, $100 ming miqdorida kafolatlangan gonorar oladi. Yordamchi, ya’ni qanot hakamlari uchun ushbu summa $25 mingni tashkil etadi.