
Jahon chempionatining «A» guruhi doirasida Chexiya hamda Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Qiziqarli va asabiy kechgan uchrashuv oxirida afrikaliklar penaltidan gol urib, 1:1 hisobidagi jangovar durangni qayd etishdi.
O‘yinda hisob uchrashuvning dastlabki daqiqalaridayoq ochildi. 6-daqiqada Soyka uzatib bergan to‘pni Mixal Sadilek raqib darvozasiga aniq yo‘llab, chexlarni oldinga olib chiqdi — 1:0.
O‘tkazib yuborilgan tezkor goldan so‘ng JAR terma jamoasi muvozanatni tiklashga faol harakat qildi. Birinchi bo‘limda maydonda qizg‘in kurash kechdi va afrikalik futbolchilar o‘yin qoidasini buzganliklari uchun ikkita sariq kartochka ishlab olishdi.

Ikkinchi bo‘lim oxiriga kelib JAR futbolchilarining tinimsiz hujumlari o‘z samarasini berdi. 82-daqiqada hakam chexlar darvozasi tomon penalti belgiladi. Nuqtaga yaqinlashgan Teboho Mokoena aniq zarba yo‘llab, hisobni tenglashtirdi — 1:1. Uchrashuvning qolgan daqiqalarida hisob o‘zgarmadi va jamoalar 1 ochkodan bo‘lishib olishdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh, Kanada va Meksika davlatlari mezbonlik qilayotgan jahon chempionatining «A» guruhi 3-turida Chexiya Meksika bilan kuch sinashsa, Janubiy Afrika Respublikasi Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Avvalroq Kursiv nashri Gana so‘nggi soniyalarda gol kiritib Panamani mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.