
Chevrolet Corvette ZR1X superkari AQShdagi mashhur Pikes Peak International Hill Climb tog‘ poygasida seriyali avtomobillar uchun yangi rekord o‘rnatdi. Bu haqda Avtopilot nashri ma’lum qildi.
IndyCar poygalari ishtirokchisi Jey Ar Xildebrand boshqargan Corvette ZR1X Kolorado shtatidagi Pikes Peak tog‘ida joylashgan 20 kilometrlik trassani 9 daqiqa 30,1 soniyada bosib o‘tdi. Natijada model avvalgi rekord egasini ortda qoldirdi.


Porsche rekordi ortda qoldi
Oldingi rekord 2022-yil kuzidan buyon Porsche 911 Turbo S (992 avlodi) modeliga tegishli edi. Poygachi Devid Donner ushbu avtomobilda masofani 9 daqiqa 53,5 soniyada bosib o‘tgan.
O‘sha paytda Porsche 635 ot kuchiga ega Bentley Continental GT’ning 10 daqiqa 18 soniyalik rekordini yangilagan edi.


1267 ot kuchiga ega superkar
To‘liq uzatmali Chevrolet Corvette ZR1X 5,5 litrli V8 dvigatel va old o‘qqa o‘rnatilgan elektromotor bilan jihozlangan. Ularning umumiy quvvati 1267 ot kuchini tashkil etadi.
ZTK Performance Package to‘plami bilan avtomobil 0 dan 96 km/soat tezlikka atigi 1,89 soniyada chiqadi. Mazkur paket tarkibiga yuqori darajada yo‘lga yopishishni ta’minlovchi Michelin Cup 2R shinalari ham kiradi.


Musobaqa g‘olibi yana Romen Dyuma bo‘ldi
Pikes Peak International Hill Climb musobaqasining umumiy hisobdagi g‘olibi esa fransiyalik mashhur poygachi Romen Dyuma bo‘ldi.
U maxsus poygalar uchun yaratilgan Ford Super Mustang Mach-E prototipini boshqardi. Uchta elektromotor bilan jihozlangan avtomobilning quvvati 1419 ot kuchini tashkil etadi. Dyuma masofani 8 daqiqa 18,2 soniyada bosib o‘tib, musobaqada yana bir bor mutlaq g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet yangi arzon elektromobil ishlab chiqarishi haqida yozgan edik.